O‘zbekistonda sovuq ob-havo sabab metan quyish shoxobchalari faoliyati yana cheklandi
O‘zbekistonda sovuq ob-havo sabab metan quyish shoxobchalari faoliyati yana cheklandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda metan yoqilg‘isida ishlovchi avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarining faoliyatiga yana cheklovlar joriy etildi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar qildi.
Xususan, shu kuni Toshkent shahrida AGTKSlar yopildi, suyultirilgan gaz (propan) quyish shoxobchalari esa faoliyatini davom ettirdi. Energetika vazirligida tushuntirilishicha, havo harorati pasayishi ortidan ayrim hududlarda tabiiy gazga bo‘lgan talab keskin oshgan, bu esa gaz quvurlarida bosimning pasayishiga olib kelgan.
Vazirlik mavjud vaziyatda ustuvor vazifa aholini, tibbiyot va taʼlim muassasalarini, shuningdek jamoat transportini gaz bilan uzluksiz taʼminlash ekanini taʼkidladi.
«Bu choralar faqat sovuq kunlarda joriy etiladi va aholini barqaror gaz taʼminoti bilan taʼminlashga qaratilgan. Vaziyat barqarorlashgan sari cheklovlar bekor qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Bu safar metan quyish shoxobchalarining aniq ish soatlari ochiqlanmadi. Energetika vazirligi ularning ish rejimi har bir hududdagi joriy vaziyatdan kelib chiqqan holda alohida belgilanishini qayd etdi.