O‘zbekistonda shtil, harorat inversiyasi va tuman sabab havo sifati yomonlashdi
O‘zbekistonda shtil, harorat inversiyasi va tuman sabab havo sifati yomonlashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi kunlarda, 29–30 yanvar kunlari O‘zbekistonda noqulay meteorologik sharoitlar fonida havo sifati yomonlashishi kuzatildi.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, bunga shamolning yo’qligi (shtil), past shamol tezligi va harorat inversiyasi sabab bo’lmoqda.
Shuningdek, tungi va ertalabki soatlarda harorat inversiyasi shakllanib, sovuq havo qatlami yerga yaqin joylashgan, iliq havo esa yuqori qatlamlarda saqlanib qolgan.
Natijada havoga chiqarilgan mayda dispers zarrachalar yer yuzasining quyi chegaralarida “qamalib”, shahar havosida ma’lum muddat turib qolgan.
Qo‘shimcha ravishda, tonggi soatlarda tuman kuzatilib, havodagi mayda aerozol zarrachalari konsentratsiyasini oshirgan.
Tuman vaqtida atmosfera namligi yuqori bo‘lishi sababli PM2.5 zarrachalari havoda uzoqroq saqlanib, ifloslanish darajasi yanada ortadi.
Maxsus komissiya ekologik reydlar va monitoring tadbirlarini tunu kun davom ettirmoqda.
Havo holati haqidagi dolzarb maʼlumotlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita hamda “O‘zgidromet” agentligining rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda e'lon qilinadi.