O‘zbekistonda "Shanghai Mitsubishi" liftlari ishlab chiqariladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan TEXNOPARK korxonasi va dunyoga mashhur "Shanghai Mitsubishi Elevator" o‘rtasidagi 5 yillik samarali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
TEXNOPARK korxonasi va "Shanghai Mitsubishi" kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Bu hujjat doirasida 2025–2028-yillar mobaynida "Shanghai Mitsubishi" brendi ostida mahalliylashtirilgan 500 dona lift ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Innovatsion texnologiyalar, xalqaro standartlar va milliy salohiyatni uyg‘unlashtirgan ushbu hamkorlik sanoat raqobatbardoshligini oshirish, ichki bozorni to‘liq ta’minlash va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
"Shanghai Mitsubishi" singari yirik xalqaro brendlarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi — bu mamlakatimizda shakllanayotgan zamonaviy va ishonchli biznes muhitining yorqin dalilidir.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi TEXNOPARK kompaniyasi jamoasini ushbu muhim bosqich bilan tabriklaydi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tilaydi.
Ma'lumot o'rnida: TEXNOPARK hududida yiliga 4000 dona lift ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy zavod faoliyat yuritmoqda. AKFA BUILD va OSTEN brendlari ostida ishlab chiqarilayotgan liftlar xalqaro talablar asosida, Yevropa Ittifoqining 2014/33/EU direktivasiga muvofiq CE sertifikatiga ega.