Valyuta kurslari 22/07/2025
$1 – 12603.52
UZS – 0,2%
€1 – 14676.80
UZS – 0,3%
₽1 – 160.94
UZS – 0,39%
Qidirish
Iqtisod 22/07/2025 O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2025 yilning birinchi yarmida 6,6 foizga o‘sdi

O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2025 yilning birinchi yarmida 6,6 foizga o‘sdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —  2025 yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston korxonalari tomonidan 488,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Fizik hajm indeksi 2024 yilning shu davriga nisbatan 106,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

2025 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, respublikada 59,0 mingta sanoat korxonalari faoliyat yuritib kelmoqda. Asosiy iqtisodiy faoliyat turlari kesimida taqsimlanganda yuqori ulush – 11,9 mingtasi (faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar umumiy sonining 20,2 % i) oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, 8,5 mingtasi (14,4 %) boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarishga, 6,1 mingtasi (10,3 %) kiyim ishlab chiqarishga, 4,7 mingtasi (8,0 %) mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar ishlab chiqarishga, 4,1 mingtasi (6,9 %) mebel ishlab chiqarishga, 3,7 mingtasi (6,2 %) to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga va 2,7 mingtasi (4,7 %) rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelmoqda.

2025 yilning yanvar-iyun oylarida respublika korxonalari tomonidan 488,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi indeksi 106,6 % ni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning taqsimlanishi, yirik sanoat korxonalari joylashganligi hisobiga Navoiy viloyatida (79 578,8 ming so‘m), Toshkent shahrida (29 108,0 ming so‘m), Toshkent viloyatida (23 104,7 ming so‘m), Andijon viloyatida (13 926,4 ming so‘m) o‘rtacha respublika darajasi ko‘rsatkichidan (12 957,9 ming so‘m) sezilarli darajada yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

2025 yilning yanvar-iyun oylarida sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, 415,6 trln so‘mni, jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi (85,1 %)ni tashkil etgan holda tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlashda 36,7 trln so‘m (7,5 %), elektr gaz bug‘ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalashda 33,6 trln so‘m (6,9 %) hamda suv bilan taʼminlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishda 2,7 trln so‘m (0,5 %)ni tashkil etdi.Shuningdek, respublikada aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish surʼati 104,5 % ni tashkil etgan bo‘lsa, Jizzax viloyatida 109,9 %, Navoiy viloyatida 107,5 %, Xorazm viloyatida 107,3 % qayd etilib respublika ko‘rsatkichidan ancha yuqori natija maʼlum bo‘lmoqda.

2025 yilning yanvar-iyun oylarida respublikada 575,6 ming tonna avtomobil benzini (2024 yilning yanvar-iyun oyiga nisbatan 14,8 % ga kamaygan), 327,8 ming tonna ip kalava (1,3 % ga ko‘paygan), 539,9 ming tonna yumshoq bug‘doy va spelta uni (17,5 % ga ko‘paygan), 557,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi (10,4 % ga ko‘paygan), 3 074,7 ming tonna ko‘mir (16,5 % ga ko‘paygan), 323,8 ming tonna neft (11,2 % ga kamaygan), 21 785,8 mln kub metr (3,1 % ga kamaygan) tabbiy gaz hamda 9 158,2 ming tonna portlandsement (18,4 % ga ko‘paygan) ishlab chiqarilgan.

Ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi – 19,2 % (2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 107,2 %), to‘qimachilik mahsulotlari, kiyim, teri va unga tegishli mahsulotlar ishlab chiqarishning ulushi – 16,7 % (2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 109,3 %), mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar, kompyuterlar, elektron va optik mahsulotlar, elektr uskunalar, boshqa toifalarga kiritilmagan mashina va uskunalar, avtotransport vositalari, treylerlar va yarim tirkamalar, boshqa transport uskunalari ishlab chiqarish va mashina va uskunalarni taʼmirlash va o‘rnatishning ulushi – 18,5 % (2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 109,7 %) hamda kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlarini ishlab chiqarishning ulushi – 7,0 % (2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 99,3 %)ni tashkil etdi.

O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida yuqori texnologiyali tarmoqning ulushi 1,0 % ni (2024 yilning yanvar-iyun oylarida 1,3 %), o‘rta-yuqori texnologiyali – 19,7 % (23,1 %), o‘rta-quyi texnologiyali – 38,9 % (38,4 %), quyi texnologiyali 40,3 % (37,2 %)ni tashkil etgan.

Avtomobil ishlab chiqarish sanoatida 2025 yilning yanvar-iyun oylarida 73 102 dona “Cobalt” (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 % ga oshdi) 4 131 dona “Chery” (0,7 % ga kamaydi), 11 763 dona “KIA” (26,9 % ga oshdi), 45 992 dona “Damas” (18,1 % ga oshdi), 23 351 dona maxsus yengil avtomobillar (82,4 % ga oshdi), shuningdek, 22 847 dona “Tracker” (6,3 % ga oshdi), 17 249 dona “Onix” (1,0 % ga kamaydi), 3 538 dona “Haval” (6,5 martaga oshdi) va 7 000 dona “BYD” avtomobillari ishlab chiqarildi.

2025 yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan elektrenergiya ishlab chiqarish 106,6 % ni, yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish esa 89,3 % ni tashkil etdi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan to‘qimachilik chiqindilarida 30,0 % ga ko‘payish, oqova suvlarni yo‘qotish, transportirovka qilish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlarda 5,9 % ga ko‘payish kuzatildi. Shuningdek, axlat o‘ralarni, tindirgichlarni va septiklarni bo‘shatish, tozalash va ishlov berish bo‘yicha xizmatlarda 2,6 % ga ko‘payish kuzatildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling