Valyuta kurslari 14/10/2025
$1 – 12149.55
UZS – 0,07%
€1 – 14087.40
UZS – 0,24%
₽1 – 150.44
UZS – 0,69%
Qidirish
O‘zbekistonda retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining noqonuniy savdosi uchun jazo kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining noqonuniy savdosi uchun jazo kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining noqonuniy savdosi uchun jazo kuchaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash hamda farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish va inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘layotgan holatlar ko‘paymoqda.

Amaldagi qonunchilikda bunday huquqbuzarliklar uchun belgilangan sanksiyalar nomutanosib bo‘lib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy muomalasiga barham berish va oldini olish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2022–2025-yillar davomida 18 milliard so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan. Birgina, 2024-yilda bunday holatlar 2022-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paygan.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan holatlarda — jinoiy javobgarlik belgilash va ikki yuz baravardan uch yuz baravargacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilyapti.

Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda ushbu sohada huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling