O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 52 trln so‘mdan oshdi, eksport 40 foizdan ortiq o‘sdi
O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 52 trln so‘mdan oshdi, eksport 40 foizdan ortiq o‘sdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati uchun rekord natijalar, muvaffaqiyatli loyihalar va yangi imkoniyatlar davri bo‘ldi. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida 2025 yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Tadbirda uyushma rahbariyati, oliy taʼlim muassasalari vakillari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Matbuot anjumanini uyushma boshqaruvi raisi Ilyas Rahimov ochib, yil davomida erishilgan natijalar bo‘yicha batafsil tahliliy sharh taqdim etdi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 52,6 trln so‘mga yetdi, eksport 1,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalar esa 2,4 mlrd dollardan oshdi. Lokalizatsiya dasturi doirasida 4,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Yil davomida 21,5 mln tonna sement, 40 mln kvadrat metr qurilish oynasi, 47 mln kvadrat metr keramik plita, 110 mln kvadrat metr gipsokarton listlari, 336 ming tonna quruq qurilish qorishmalari hamda 830 ming dona sanitariya-texnika buyumlari ishlab chiqarildi. Bu ichki bozor ehtiyojlarini to‘liq qondirish imkonini berdi.
2025–2026 yillarda umumiy qiymati 3,6 mlrd AQSH dollari bo‘lgan 437 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida qiymati 1,8 mlrd dollar bo‘lgan 353 ta loyiha ishga tushirilib, 15,2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yirik tashabbuslar qatorida Nukus shahrida joylashgan «Qoraqalpoq Basaltwool» MCHJ tomonidan yiliga 50 ming tonna bazalt minerali asosida issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqarish loyihasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu loyiha qiymati 52,4 mln dollarga teng. Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumanida “Megaton” MCHJ tomonidan yiliga 500 ming kub metr avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda, uning qiymati 40 mln dollarni tashkil etadi.
2025 yil uchun belgilangan eksport rejasi 100 foiz bajarildi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 142 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish surʼatlari alyuminiy materiallari, keramika mahsulotlari, marmar va granit buyumlari, oyna mahsulotlari, sement va bog‘lovchi materiallar, PVX hamda plastmassa buyumlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Asosiy eksport bozorlari sifatida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon va AQSH qayd etildi, ushbu mamlakatlarga yetkazib berish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Eksport bo‘yicha yetakchi hududlar sifatida Toshkent shahri 291 mln AQSH dollari, Toshkent viloyati 201 mln dollar ko‘rsatkich bilan peshqadam bo‘ldi. Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Andijon va Xorazm viloyatlari ham yuqori natijalarni qayd etdi.
Afg‘oniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Qirg‘iziston bozorlarida eksport hajmini yana-da kengaytirish maqsadida 50 dan ortiq yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot namunalari taqdim etilgan savdo uylari, shourumlar va logistika omborlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik tadbirkorlar Toshkent, Qozon, Tbilisi, Boku, Ulan-Bator, Los-Anjeles, Brno va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro forum va ko‘rgazmalarda faol ishtirok etdi.