O‘zbekistonda qishloqni rivojlantirish loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligidagi biznes imkoniyatlari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida biznes imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullaev,
BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, Islom taraqqiyot banki vakillari, mahalliy hokimliklar, vazirlik idoralar xodimlari, xorijiy ekspertlar qatnashishdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar qo‘shma loyiha doirasida bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan masalalarni belgilab oldilar. Xususan, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasida Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta chekka hududlarida joylashgan 157 ta mahallaning ijtimoiy soha, yo‘l infratuzilmasi obyektlarini barpo etish va kapital ta’mirlash yo‘nalishidagi 763 ta subloyihalar bajarilishi belgilangan.
Qishloq xo‘jaligida biznes imkoniyatlarini va iqlimga chidamli yechimlarning chuqur baholash bo‘yicha tashkil qilinayotgan mazkur davra suhbatida loyihaga kiritilgan hududlarning qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari va muammolari ekspertlar tomonidan tahlil qilindi. O‘tkazilgan tahlillar natijasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, iqlimga chidamli ekinlar ekishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy fermer xo‘jaliklarining daromad manbaini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar olib borilgan tahlillar yuzasidan o‘zaro fikr almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javob olishdi.