O‘zbekistonda pensiyalar Face-ID va elektron imzo orqali naqd tarzda to‘lanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Face-ID texnologiyasi va elektron imzodan foydalangan holda pensiyalarni naqd pulda to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Oktyabr oyidan boshlab hududlarda pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshirilishi boshlandi.
Ushbu tizimni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — pensiyalarni fuqarolarga to‘liq va o‘z vaqtida yetkazish.
«Endilikda to‘lov jarayonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan Xalq banki tomonidan hisobotlarda “to‘landi” deb hisobot berilib, amalda fuqaroga to‘lanmaslik yoki boshqa shaxslarga to‘lab yuborish holatlari oldi olinadi», — deyiladi idora xabarnomasida.
Bundan tashqari, mamlakatda yoshga ko‘ra pensiya tayinlashning proaktiv tartibi joriy etilmoqda. Erkaklar 60 yoshga yetganda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda avtomatik ravishda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Ilgari buning uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limi yoki Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilish talab etilar edi.
Qabul qilingan o‘zgarishlarga ko‘ra, fuqaroning pensiya olish huquqi davlat axborot tizimlari maʼlumotlari asosida belgilanadi va to‘lovlar shaxs pensiya yoshiga yetgan kunda tayinlanadi.