O‘zbekistonda “Orosol” biologik faol qo‘shimchasi ishlab chiqarilishi to‘xtatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “ORIENT BIOPHARM” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Triortasol Orosol+Rux” nomli BFQ mahsuloti bo‘yicha kelib tushgan murojaat asosida Raqobat qo‘mitasi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida, ushbu mahsulotning qadoqlash dizayni va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarida belgilangan tartibga rioya etilmasdan, Sanepidqo‘m bilan kelishuvsiz o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani aniqlandi.
Shuningdek, “Triortasol Orosol+Rux” mahsuloti avvalroq ishlab chiqarilgan “ORSA” dori vositasi bilan tarkibiy va qadoq maʼlumotlari jihatdan o‘xshash ekanligi ham qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar natijasida, “ORIENT BIOPHARM” MCHJga:
“Orosol” BADni (ruxsatnoma bilan taqdim etilgan hujjatlar to‘plamiga muvofiq) qayta ishlab chiqish va ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatish,
ruxsatnomasiz ishlab chiqarilayotgan “Triortasol Orosol+Sink” mahsulotini savdo tarmoqlaridan qaytarib olish bo‘yicha sanitariya talabnomasi yuborildi.
Yig‘ilgan hujjatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi”ga yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha BFQ ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tadbirkorlik subyektlarini isteʼmolchilarga faqat qonunchilikka muvofiq va tasdiqlangan maʼlumotlarni taqdim etishlari lozimligi borasida rasman ogohlantiradi.