O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish va kasbiy ta’lim yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7-noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Gyote instituti direktori Anna Bernsmayer hamda Institutning Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha til bo‘limi rahbari Tanya Olbrix bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’lim muassasalarini darslik va texnik vositalar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turizm va mehmonxona xo‘jaligi texnikumlari bilan hamkorlikda Germaniyada o‘tkazilgan amaliyotlar natijalari ham ko‘rib chiqildi.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov mamlakatimizda nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan talab ortib borayotganini ta’kidladi. Shu bois Gyote instituti bilan hamkorlikda yangi o‘quv dasturlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish va kasbiy ta’lim yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.