O‘zbekistonda Navro‘z arafasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi
O‘zbekistonda Navro‘z arafasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2026 yilda umumxalq bayrami Navro‘zni tayyorlash va o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatda anʼanaviy bahor bayrami keng nishonlanadi.
Bayram arafasida respublikaning barcha hududlarida hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etiladi.
Jumladan, 13–14 mart kunlari umummilliy xayriya hashari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning doirasida mamlakat shahar va tumanlaridagi ko‘chalar va maydonlar, mahalla hududlari hamda jamoat joylari chiqindilardan tozalanadi.
Daraxtlar va yashil hududlarga parvarish ko‘rsatishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, umummilliy ekologik «Yashil makon» loyihasi doirasida «Men ham daraxt ekishga hissa qo‘shaman» aksiyasi ham o‘tkaziladi.
Tadbir davomida maxsus ajratilgan hududlarda daraxt va butalar ko‘chatlari ekiladi.
Fuqarolar ushbu aksiyalarda faol ishtirok etishga va aholi punktlarini obodonlashtirish hamda yashil hududlarni yana-da kengaytirishga o‘z hissasini qo‘shishga chaqirilmoqda.