O‘zbekistonda MMTlar korporativ obligatsiyalar bozorini faol rivojlantirmoqda
O‘zbekistonda MMTlar korporativ obligatsiyalar bozorini faol rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston moliya sektorida mikromoliyaviy tashkilotlar (MMT)ning roli anʼanaviy kreditlash doirasidan chiqib, kapital bozoridagi faolligi sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu haqda Markaziy depozitariy maʼlum qildi.
2026 yil fevral oyi oxiri holatiga ko‘ra, MMT sektorida umumiy nominal qiymati 431 mlrd so‘m bo‘lgan 21 ta korporativ obligatsiyalar chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tgan.
Ushbu qimmatli qog‘ozlar egalari soni jami 3 258 nafar investorni tashkil etadi. Ulardan 3 190 nafari yoki qariyb 98 foizi jismoniy shaxslar bo‘lib, bu aholining moliya bozori instrumentlariga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Joylashtirilgan obligatsiyalar hajmi bo‘yicha «Agat Credit» aksiyadorlik jamiyati yetakchilik qilmoqda. Kompaniya to‘rtta emissiya doirasida 150 mlrd so‘m mablag‘ jalb qilgan va investorlar soni bo‘yicha ham eng yuqori ko‘rsatkichga ega — 1 885 nafar obligatsiya egalari.
Kapital bozorida faol ishtirok etayotgan tashkilotlar qatorida «Biznes Finans» mikromoliyaviy tashkiloti ham bor. U to‘rtta chiqarilish orqali 85 mlrd so‘m mablag‘ jalb qilgan. Shuningdek, “Hamroh” mikromoliyaviy tashkiloti uchta obligatsiyalar chiqarilishi orqali 65 mlrd so‘m mablag‘ joylashtirgan.
Ularning ishtirok etishi O‘zbekiston moliya bozori rivojida mikromoliyaviy tashkilotlar roli tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.