O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari 21,3 trln so‘mlik kreditlar ajratdi
O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari 21,3 trln so‘mlik kreditlar ajratdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 21,3 trln so‘mlik kreditlar berildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.
2025 yilning III choragi davomida mikromoliyaviy xizmatlar bozorida yangi ishtirokchi sifatida 26 ta mikromoliya tashkiloti, ularning 187 ta filiallari (132 ta mikromoliya tashkiloti va 55 ta lombardlar) tashkil etilib, umumiy soni 218 ta, shundan mikromoliya tashkilotlari 126 ta (filiallar soni 368 ta) va lombardlar 92 taga (filiallar soni 126 ta) yetdi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tarkibida chel el kapitali mavjud bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 taga ortib, 2025 yilning III chorak yakunlari bo‘yicha 24 taga (mikromoliya tashkilotlari 16 ta va lombardlar 8 ta) yetgan.
Bunda, faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahri (70 ta mikromoliya tashkiloti va 47 ta lombard) va Farg‘ona viloyati (19 ta mikromoliya tashkiloti va 5 ta lombard) hissasiga to‘g‘ri kelsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlarida 1 tadan bosh ofislar joylashgan.
Dislokatsiya bo‘yicha Toshkent shahrida lombardlarning 39 ta filiallari va mikromoliya tashkilotlarining 31 ta filiallari faoliyat yuritsa, Xorazm viloyatida mazkur ko‘rsatkich 15 tani tashkil etadi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan 2025 yil yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 21,3 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga, xususan mikromoliya tashkilotlarida 2,1 barobar va lombardlarda 36 foizga oshgan.
Bunda, kreditlashning 90 foizi (19,2 trln so‘mi) mikromoliya tashkilotlari va 10 foizi (2,1 trln so‘mi) lombardlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning 20,5 trln so‘mi yoki 96 foizi jismoniy shaxslar va 746 mlrd so‘mi yoki 4 foizi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ajratilgan kreditlar segmentatsiyasida 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida ajratilgan onlayn kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foiz bandga ortib, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlardagi ulushi 69 foizga yetgan.
Onlayn kreditlash hajmining keskin oshishi jismoniy shaxslar tomonidan “Uzum Market” elektron platformasi, “Uzum Tezkor” yetkazib berish xizmati va “Uzum Nasiya”ga ulangan boshqa savdo shahobchalardan tovar xom-ashyo sotib olishda, “Tezkoyn” (9,5 trln so‘m) “Shaffof-Moliya” (3,4 trln so‘m) va “Peyleyter” (100 mlrd so‘m) mikromoliya tashkilotlari tomonidan onlayn kreditlar ajratilishi bilan izohlanadi.
Mikromoliya tashkilotlari tomonidan joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida 8,6 mlrd so‘mlik “murobaha”, “islomiy ijara” va “muzoraba” islomiy moliyalashtirish xizmatlari ko‘rsatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 barobarga oshgan.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdorlari bo‘yicha segmentatsiyasida 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida ajratilgan kreditlarning 62 foizi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni, 10-20 mln so‘mgacha va 20-50 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushining har biri 14 foizni va 50-100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 10 foizni tashkil etgan.
Joriy yilning III choragi yakunida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 17 foiz bandga, 10-20 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 1 foiz bandga oshgan bo‘lsa, 20-50 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar 10 foiz bandga va 50-100 mln so‘m miqdoridagi kreditlarda 8 foiz bandga kamaygan.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdorlari segmentatsiyasida 100-200 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 48 foizni, 200-300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 27 foizni, 300 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan kreditlar ulushi 11 foizni, 50 mln so‘mgacha 8 foizni va 50-100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar har birining ulushi 7 foizni tashkil etgan.
Joriy yilning III choragi yakunida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50 mln so‘mgacha va 300 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan kreditlar ulushi 2 foiz bandga, 100-200 mln so‘mgacha va 200-300 mln so‘mgacha bo‘lgan ajratilgan kreditlar ulushi 1 foiz bandga, oshgan bo‘lsa, 50-100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 6 foiz bandga kamaygan.
Mikromoliya tashkilotlarida subyekt turlari bo‘yicha joriy yilning sentyabr oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 40,3-109,5 foiz koridorida, YATT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar 24-65 foiz koridorida shakllangan bo‘lib, yillik o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 54,8 va 47,9 foizni tashkil etgan.
Joriy yilning sentyabr oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning 0,01 foizi (85 mln so‘m) eng quyi chegara – yillik 29 foizdan, 1,3 foizi (8,7 mlrd so‘m) eng yuqori chegara – yillik 109,5 foizdan ajratilgan bo‘lsa, yuridik va YATTlarga ajratilgan mikrokreditlarning 2,1 foizi (900 mln so‘m) eng quyi chegara (yillik 24 foizdan), 0,03 foizi (15 mln so‘m) eng yuqori chegarada yillik 65 foizdan ajratilgan.
Lombardlar tomonidan sentyabr oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 60-109,5 foiz koridorida shakllangan bo‘lib, yillik o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 97,2 foizni tashkil etgan.
2025 yilning sentyabr oyi davomida lombardlar tomonidan ajratilgan mikroqarzlarning 0,1 foizi (287 mln so‘m) eng quyi chegaraga (yillik 60 foizdan) va 45,7 foizi (116 mlrd so‘m) eng yuqori chegaraga (yillik 109,5 foizdan) to‘g‘ri keladi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ortib, 2025 yil 1 oktyabr holatiga 10,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bunda, mikromoliya tashkilotlarining aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 trln so‘mga o‘sib, 9,9 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, lombardlar aktivlari 215 mlrd so‘mga oshib, 670 mlrd so‘mga yetgan.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar jami aktivlarining 93 foizi (9,8 trln so‘mi) kredit qo‘yilmalari hissasiga to‘g‘ri kelib, aktivlar o‘sishi nobank kredit tashkilotlari kredit qo‘yilmalarining 1,5 barobarga o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan. Natijada, 2025 yilning III choragi yakunida mikromoliya tashkilotlari va lombardlar kreditlarining barcha kredit tashkilotlar umumiy kredit qoldig‘idagi ulushi 1,7 foizga yetdi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i o‘tgan bir yilda 1,3 barobarga oshib, 8,6 trln so‘mni, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 6,2 barobarga oshib, 1,2 trln so‘mni tashkil etgan.
Bunda, tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan mikrokreditlar qoldig‘i qariyb 7,4 barobarga ko‘payib, 1,1 trln so‘mga, faktoring xizmatlari hajmi 3,3 barobarga oshib, 137 mlrd so‘mga yetgan bo‘lsa, lizing xizmatlari hajmi 26 foizga kamayib, 8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar qoldig‘i (NPL) joriy yilning 1 oktyabr holatiga 380 mlrd so‘m yoki 4,1 foizni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 196 mlrd so‘m yoki 1,7 foiz bandga oshgan.
Bunda, yil boshiga nisbatan “shubhali” kreditlar 2,2 barobarga (185 mlrd so‘mga) oshgan bo‘lsa, “umidsiz” kreditlar 46 foizga (11 mlrd so‘mga) ko‘paygan.
Muammoli kreditlarning (NPL) 344 mlrd so‘mi (90 foiz) shubhali, 36 mlrd so‘mi (10 foiz) umidsiz kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur muammoli kreditlarning 64 foizi “Tezkoyn” (107 mlrd so‘m) va “Shaffof-moliya” (138 mlrd so‘m) mikromoliya tashkiloti hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Muammoli kreditlarni qoplash koeffitsiyenti (NPL coverage ratio) joriy yil boshiga nisbatan 2 foiz bandga kamaygan holda, 2025 yil III choragi yakuni bo‘yicha 55 foizni tashkil etgan.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami majburiyatlari 2025 yilning III choragi yakunida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga (2,5 trln so‘mga) oshib, 7,1 trln so‘mni tashkil etgan. Xususan, mikromoliya tashkilotlarining majburiyatlari 54 foizga (2,4 trln so‘mga) oshib, 6,9 trln so‘mni, lombardlarda esa 45 foizga (45 mlrd so‘mga) ko‘payib, 146 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Mikromoliya tashkilotlari jami majburiyatlarining 16 foizi (1,1 trln so‘m) taʼsischilar, 31 foizi (2,1 trln so‘m) tijorat banklari, 5 foizi (390 mlrd so‘m) xalqaro moliya institutlari, 28 foizi (1,9 trln so‘m) mahalliy kompaniyalardan, 4 foizi (281 mlrd so‘m) obligatsiyalarni joylashtirish va 16 foizi (1,1 trln so‘m) boshqa majburiyatlar hisobidan shakllangan.
Bunda, majburiyatlar tarkibida mahalliy kompaniyalardan jalb etilgan mablag‘lar 4,2 barobar (1455 mlrd so‘m), obligatsiyalarni joylashtirishdan kelgan mablag‘lar 2,9 barobarga (185 mlrd so‘m), taʼsischilar mablag‘lari 35 foizga (294 mlrd so‘m), xalqaro moliya institutlari mablag‘lari 19 foizga (61 mlrd so‘m) va tijorat banklari resurslari 4 foizga (77 mlrd so‘m) oshgan.
Lombardlarning jami majburiyatlari 2025 yil 1 oktyabr holatiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshgan holda 146 mlrd so‘mni tashkil etib, uning 62 foizi (91 mlrd so‘m) taʼsischilar, 14 foizi (20 mlrd so‘m) tijorat banklaridan jalb etilgan mablag‘lar va 24 foizi (35 mlrd so‘m) boshqa majburiyatlar hisobidan shakllangan.
Bunda, lombardlar jami majburiyatlari tarkibida taʼsischilar mablag‘lari 2,3 barobarga (51 mlrd so‘m) ko‘paygan bo‘lsa, tijorat banklari resurslari 3 foizga (1 mlrd so‘m) va boshqa majburiyatlari 14 foizga (6 mlrd so‘m) kamaygan.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar jami kapitali o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga (1,1 trln so‘m) ko‘payib, 2025 yil 1 oktyabr holatiga 3,5 trln so‘mga yetgan. Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali 1,4 barobarga (891 mlrd so‘m) oshib, 3 trln so‘mni va lombardlarda 1,5 barobarga (170 mlrd so‘m) o‘sib, 524 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali o‘sishida ustav kapitalining 551 mlrd so‘m (48 %), joriy yil foydasi 67 mlrd so‘m (13 %), zaxira kapitali 34 mlrd so‘mga (35 %), taqsimlanmagan foyda 230 mlrd so‘mga (72 %) hamda qo‘shilgan kapital 9 mlrd so‘mga oshishi, lombardlarda esa ustav kapitalining 57 mlrd so‘m (57 %), joriy yil foydasi 47 mlrd so‘m (37 foiz), taqsimlanmagan foyda 64 mlrd so‘m (55 foiz) hamda zaxira kapitalining 2 mlrd so‘mga (18 foiz) o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan.
Shuningdek, 2025 yilning III choragi bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan xorij kapitali ishtirokidagi mikromoliya tashkilotlarining ustav kapitali 2,9 barobarga (172 mlrd so‘m) va lombardlarda esa 3,7 barobarga (49 mlrd so‘m) oshgan.
2025 yil yanvar-sentyabr oylari yakunlari bo‘yicha mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadlari 3,7 trln so‘mni, jami xarajatlari 3 trln so‘mni tashkil etib, jami 762 mlrd so‘m miqdorida sof foyda olingan.
Bunda, mikromoliya tashkilotlarida jami daromadlar 3,4 trln so‘mni, jami xarajatlar 2,8 trln so‘mni va sof foyda 590 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, lombardlarda esa jami daromadlar 363 mlrd so‘mni, xarajatlar 191 mlrd so‘mni tashkil etib, 172 mlrd so‘m miqdorida sof foyda olingan.
Mikromoliya tashkilotlarida aktivlar rentabellik ko‘rsatkichi (ROA) 2024 yilning III choragiga nisbatan 0,1 foizga kamayib, tahlil sanasida 19 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, kapital rentabellik ko‘rsatkichi (ROE) 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga oshib, 2025 yilning III choragi yakuni bo‘yicha 38,5 foizga yetgan.
Mazkur holat mikromoliya tashkilotlari sof foydasining aktivlar va kapital ko‘rsatkichlari o‘sish surʼatiga nisbatan nomutanosib ravishda o‘sishi bilan izohlanadi.
Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami o‘rtacha aktivlari va kapitali 2024 yilning mos davriga nisbatan 2025 yilning III choragida mos ravishda 1,7 barobar va 1,4 barobarga oshgan bo‘lsa, sof foydaning o‘sishi 50 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, lombardlarda aktivlar rentabellik ko‘rsatkichi (ROA) 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga kamayib, joriy yilning 1 oktyabr holatiga 55,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, kapital rentabellik ko‘rsatkichi (ROE) o‘tgan yilning III choragiga nisbatan 0,6 foizga kamayib, hisobot sanasida 51,9 foizga yetgan.