O‘zbekistonda mikromoliya, lombard va faktoring kompaniyalariga islomiy moliya mahsulotlarini taklif etishga ruxsat berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda mikromoliya va faktoring tashkilotlariga rasman islomiy moliya tamoyillari asosida xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi. Bu bo‘yicha tegishli nizom 20 oktyabr kuni Markaziy bank tomonidan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, kompaniyalar islomiy moliya xizmatlarining turli shakllarini amalga oshirishlari mumkin. Jumladan, mudaroba (foydada ulush evaziga biznesni moliyalashtirish), murabaxa (tovarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotib olish), mushoraka (foyda va zararni bo‘lishuv asosida sherikchilik), salam (oldindan to‘lov asosida moliyalashtirish) hamda islomiy ijara xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Tashkilotlar Markaziy bankka har oyda islomiy xizmatlar bo‘yicha hisobot taqdim etib borishi shart. Shuningdek, ular aktiv va majburiyatlari, affilirlangan shaxslar bilan operatsiyalar hamda yirik tavakkalchiliklar haqidagi maʼlumotlarni ham taqdim etishi lozim.
Agar aktiv umidsiz deb topilsa, u holda uch ish kuni ichida rezervlar hisobidan hisobdan chiqarilishi kerak.
Bunday tashkilotlar uchun kapital yetarlilik koeffitsiyenti kamida 10 foizni tashkil etishi lozim. Bu ko‘rsatkich jami o‘z kapitali bilan umumiy aktivlar nisbati sifatida aniqlanadi.
Ilgari ushbu talab faqat mikromoliya tashkilotlariga tatbiq etilgan bo‘lsa, endi u lombardlar va faktoring kompaniyalariga ham qo‘llaniladi.