O‘zbekistonda metallurgiya assotsiatsiyasi tuzildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov rahbarligida “O‘zbekiston Metallurgiya uyushmasi” tashkil etilishiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda metallurgiya sanoatining 20 ga yaqin yetakchi korxonalari vakillari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Uyushmaning asosiy maqsad va vazifalari taqdim etildi. Jumladan, 2025–2030 yillarda qora metallni qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish, korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, xomashyo bilan ta’minlash tizimini yaxshilash, investitsiyalar jalb etish va tarmoqning tashqi savdodagi ulushini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Tadbir yakunida Uyushma faoliyati sanoat vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga hamda mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilishi ta’kidlandi.