Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
Iqtisod 02/04/2025 O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda texnik tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi xitoylik Leapmotor brendiga tegishli yengil avtomobillarni sertifikatlash uchun arizalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi.

Bunday qarorga 10 mart kuni “O‘ztest” davlat muassasasi laboratoriyasida Leapmotor C16 modeli ustida o‘tkazilgan sinov natijalari asos bo‘ldi. Inspeksiya xulosasiga ko‘ra, ushbu avtomashina BMTning xalqaro xavfsizlik standartlariga javob bermaydi. Xususan, transport vositasi tomonidan yaratiladigan keng polosali elektromagnit buzg‘unchilik darajasi belgilangan meʼyordan 16 barobar yuqori ekani aniqlandi.

28 mart kuni Euro Prof Test kompaniyasi tomonidan yuborilgan maktubda ham Leapmotor C16 modeli keng polosali elektromagnit buzg‘unchilik darajasi bo‘yicha talablarga javob bermasligi ko‘rsatilgan. Inspeksiya fikriga ko‘ra, bu holat avtomobilning elektron tizimi ishiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, ayrim hollarda esa uning ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Aniqlangan kamchiliklar munosabati bilan inspeksiya sertifikatlash organiga Leapmotor brendining barcha modellarini sertifikatlash jarayonini to‘xtatishni tavsiya qildi.

Bundan tashqari, idora isteʼmolchilarga avtomobil tanlashda xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlarga ustuvorlik berish va transport vositalarini faqat rasmiy dilerlardan xarid qilishni tavsiya etdi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekistonda avtomobillarning muvofiqlik baholashi 2017 yil 25 aprelda Vazirlar Mahkamasining №237-sonli qarori bilan tasdiqlangan g‘ildirakli transport vositalari xavfsizligi bo‘yicha texnik reglamentga asosan amalga oshiriladi.

Sertifikatlash jarayonining to‘xtatilishi mazkur brend avtomobillarini mamlakatga olib kirish imkoniyatini amalda cheklaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling