O‘zbekistonda Koreya kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda “New&New” va “Mehrigiyo” kompaniyalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, kompaniyalar tomonidan O‘zbekiston hududida 10 dan ortiq turdagi kosmetik mahsulotlarni mahalliy ravishda ishlab chiqarish rejasi taqdim etildi.
O‘z navbatida, Farmagentlik tashabbusni ijobiy qabul qildi va mahalliylashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududidagi imkoniyatlar, mavjud infratuzilma va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Kelgusida kompaniyalar tomonidan to‘liq biznes-reja ishlab chiqilib, Farmagentlikka taqdim etiladi va loyiha bo‘yicha hamkorlikning keyingi bosqichlari belgilab olinadi.