Valyuta kurslari 16/09/2025
$1 – 12344.61
UZS – -0,66%
€1 – 14501.21
UZS – -0,45%
₽1 – 149.70
UZS – 1,86%
Qidirish
O‘zbekistonda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi yakunlandi

O‘zbekistonda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi yakunlandi

O‘zbekistonda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi yakunlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasining Yakuniy milliy seminari  bo‘lib o‘tdi. 5 yil davom etgan ushbu loyiha O‘zbekistonning iqlimga mos qishloq xo‘jaligi sari dadil qadam tashlaganini ko‘rsatdi.

Loyiha 2020-yildan buyon O‘zbekistonda barqaror issiqxona sabzavotchiligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo’shdi. Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 60 dan ortiq tomorqa xo‘jaliklari bevosita qo‘llab-quvvatlandi. Ta’kidlash joizki, benefitsiarlarning 65 foizini ayollar tashkil etdi. Loyiha doirasida issiqxonalarni modernizatsiya qilish, sifatli ko‘chatlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari va o‘g‘itlar bilan ta’minlash, shuningdek, iqlim nazorati, changlatish, o‘simliklarni oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash amaliyotlarini o‘zlashtirishda yordam ko‘rsatildi.

900 dan ortiq dala tashriflari, 32 ta dala namoyishi, 20 dan ortiq trening mashg‘ulotlari va 12 ta tematik o‘quv moduli orqali 300 dan ziyod dehqonlar, yoshlar, davlat idoralari va xususiy sektor vakillari bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Loyiha doirasida  maxsus arilar yordamida changlatish, raqamli monitoring vositalari, urug‘ va ko‘chat yetishtirish, shuningdek, hosil yig’ib olingandan  keyingi ilg‘or qayta ishlash texnologiyalari joriy qilindi.

Natijalar e’tiborga molik: tomorqa yer egalari hosildorlik 55–76 foizga oshganini, daromadlari esa 159 foizgacha ko‘tarilganligini e’tirof qilishmoqda. Zararkunanda va kasalliklar bilan bog‘liq yo‘qotishlar kamaydi, yetishtirilgan mahsulot sifati va barqarorligi oshib, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Loyiha, shuningdek, O‘zbekistonda kichik issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqilishiga turtki bo‘ldi. Strategiya issiqxona infratuzilmasini yaxshilash, iqlimga chidamlilikni oshirish, maslahat xizmatlarini kuchaytirish, ayollar va yoshlar uchun arzon moliyaviy resurslardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.

“Aqlli dehqonchilik endi uzoqdagi orzu emas – u aynan bugun O‘zbekistonda amalga oshmoqda, – dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov. – Ushbu loyiha shuni isbotladiki, zamonaviy texnologiyalar, hamkorlik va kompleks yondashuv orqali biz hosildorlikni oshirishimiz, atrof-muhitni asrashimiz va qishloq oilalari farovonligini yaxshilashimiz mumkin.”

Seminar Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidagi Namoyish issiqxonasiga dala tashrifi bilan yakunlandi. Ishtirokchilar raqamli vositalar, zamonaviy sug‘orish va changlatish tizimlari issiqxona xo‘jaligini daromadli va iqlimga chidamli sohaga aylantirayotganini bevosita kuzatishdi.

“Loyiha jamoasi va benefitsiarlar ushbu loyihaning sezilarli natijalarga erishishishida muhim rol o‘ynadi. Endilikda bu yutuqlar Osiyo Taraqqiyot Bankining moliyaviy ko’magida Baxmal tumanida ham olib boriladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda olingan qimmatli tajribalar FAOning Zambiya, Gonduras va Lesotodagi yangi loyihalariga ham tatbiq etiladi,” – dedi FAO yetakchi texnik xodimi Leone Magliocchetti Lombi.

Mazkur bosqich O‘zbekistonning agro oziq-ovqat tizimlarini barqaror transformatsiya qilishga tayyor ekanini ko‘rsatadi – bunda innovatsiyalar, hamkorlik va aqlli qishloq xo‘jaligi kelajak sari yo‘lni yoritmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling