O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda, kelasi yil esa yoshlarni kasbga o‘qitish yili deb eʼlon qilindi.
Bu haqda taʼlim sohasidagi islohotlar va keyingi ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z yuritildi. Maʼlumotga ko‘ra, joriy yilda 9-sinfni 608 ming nafar o‘quvchi tamomladi, biroq texnikum va kollejlarga atigi 182 ming kishi o‘qishga kirdi, bu bitiruvchilarning uchdan bir qismidan ham kamini tashkil etadi. Shu bilan birga, mamlakatda 598 ta shunday o‘quv muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda 450 ming nafargacha talabani qabul qilish imkoniyati mavjud.
Yoshlarni kasbiy taʼlimga kengroq jalb etish maqsadida Prezident yangi agentlik tashkil etish va kelasi yilga qadar o‘rta maxsus kasbiy taʼlim qamrovini 50 foizga yetkazish vazifasini topshirdi. Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga har bir texnikumda xalqaro standartlarga mos zamonaviy sharoitlar yaratish orqali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, yaqin bir oy ichida mamlakatning olis hududlarida o‘quvchilarni taʼlim muassasalariga olib borish uchun 100 ta bepul maktab avtobusi ish boshlaydi.
#Shavkat Mirziyoyev