O‘zbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sun’iy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
O‘zbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sun’iy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ishlab chiqiladigan mazkur loyiha mamlakatdagi barcha ilmiy-tadqiqot infratuzilmalari haqidagi maʼlumotlarni yagona markazlashgan axborot resursi sifatida jamlab, ularni samarali boshqarish imkonini beradi.
Shuningdek, ilm-fan va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ilmiy infratuzilmalardan foydalanish samaradorligi prognozlanishi va optimallashtirilishiga oid tahlillarning sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali amalga oshirilishi natijasida vaqt va resurslarning tejalishiga erishiladi. Platforma sohada ochiqlik, shaffoflik hamda hamkorlik aloqalarining yanada kuchayishiga ham xizmat qiladi.
Mutaxassislar ushbu platforma ilmiy izlanishlar sifatini oshirish, takroriy xarajatlarni kamaytirish, respublikamizning turli hududlarida tashkil etilgan ilmiy laboratoriyalarning imkoniyatlaridan to‘liq va maqsadli foydalanishga xizmat qilishini taʼkidlamoqdalar.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida respublikada ilm-fanning raqamli kelajagini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biriga aylanishi kutilayotgan platforma joriy yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.