O‘zbekistonda ilk bor tarmoqsimon (сшитий) polietilen ishlab chiqariladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonda ilk bor tarmoqsimon polietilen ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi xabar berdi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasida mamlakatimizda ilk bor “сшитий” polietilen xomashyosini ishlab chiqarish loyihasiga oid yakuniy kelishuv hujjatlari imzolandi. Ushbu hujjatlar asosida “NASAF XCP TECHNO” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, loyihaga rasman start berildi.
Mazkur korxona Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” kompaniyasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo “Techno Cable Group” korxonasi hamda “Shurtangaz kimyo majmuasi” hamkorligida tashkil etildi.
Loyiha tafsilotlari:
Umumiy qiymati: 8 million dollar
Ishlab chiqarish hajmi: yiliga 35 ming tonna
Yangi ish o‘rinlari: 65 ta
Import o‘rnini bosish hajmi: yiliga 30 million dollar
Ishlab chiqarish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich: Tarmoqlangan polietilen ishlab chiqarilib, sinovdan o’tkaziladi. (mart-aprel, 2025)
2-bosqich: Galogensiz komponentlar ishlab chiqarish uskunalariga buyurtma beriladi. (avgust-sentyabr, 2025)
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda ilgari mavjud bo‘lmagan ushbu mahsulotni ishlab chiqarish natijasida ichki bozorning yillik 25-30 ming tonnalik ehtiyoji mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplanadi.
U oddiy polietilenga qaraganda ancha mustahkam, elastik va yuqori haroratga chidamli bo‘lishi uchun maxsus kimyoviy yoki fizik jarayon orqali bog‘langan molekulalarga ega. PE-X asosan:
Suv quvurlari – issiq va sovuq suv tizimlarida ishlatiladi.
Gaz quvurlari – yuqori bosimga chidamli bo‘lgani uchun gaz yetkazib berishda qo‘llanadi.
Isitish tizimlari – pol osti isitish tizimlarida keng ishlatiladi.
Elektr izolyatsiyasi – kabellarni himoya qilish uchun ishlatiladi.
Loyihaning ishga tushirilishi import hajmini sezilarli darajada kamaytirish bilan birga, ichki sanoat tarmog‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi.