O‘zbekistonda ilk bor quyosh elektr stansiyasi xalqaro “Yashil energiya” sertifikatlari tizimida ro‘yxatga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30-iyul kuni Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida “Oʻzbekistonning uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish strategiyasi va yashil energiya sertifikatlash tizimi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va banklar vakillari ishtirok etib, uzoq muddatli “uglerod neytralligi”ga erishish strategiyasini ishlab chiqish hamda “yashil sertifikat” tizimini mukammallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida I-TRACK jamg‘armasi va Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan I-REC sertifikatlari tizimi, uning ahamiyati hamda O‘zbekistondagi joriy holat bo‘yicha taqdimot qilindi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi hududiga import qilinadigan tovarlarga nisbatan uglerod solig‘ini nazarda tutuvchi “Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi” (CBAM) 2026-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kirishidan so‘ng Yevropaga eksport qiladigan mahalliy korxonalarga ushbu mexanizmning ta’siri, bunda “yashil energiya” sertifikatlarining o‘rni to‘g‘risida ham ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lumot uchun: “Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi” (Carbon Border Adjustment Mechanism – CBAM) – Yevropa Ittifoqi (YI)ga import qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishda atmosferaga chiqarilgan issiqxona gazlari hajmiga muvofiq uglerod solig‘ini qo‘llash mexanizmi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “Texnopark” MChJ o‘rtasida “yashil energiya” sertifikatlarini – I-REC(E) chiqarish, mamlakatda ilk bor quyosh fotoeletkr stansiyasini xalqaro I-REC sertifikatlari tizimida ro‘yxatga olish uchun shartnoma imzolandi hamda Texnoparkka rasmiy sertifikat topshirildi.
Bu orqali “Texnopark” MChJ tomonidan o‘rnatilgan umumiy quvvati 823 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun xalqaro I-REC(E) sertifikatlarini muomalaga chiqarish imkoni yaratildi. Barqarorlik va ekologik mas’uliyatini oshirish istagi va xohishi bor har qanday kompaniya uchun bugun mamlakatimizda bunday imkoniyat mavjud.
I-REC(E) sertifikati – qayta tiklanuvchi manbasida ishlab chiqarilgan har 1 000 kilovatt-soat (kVt/s) elektr energiyasini tasdiqlovchi raqamli sertifikat. Sertifikatlar quyidagi afzalliklarga ega:
Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbasini, ya’ni quyosh, shamol, gidro yoki biogaz elektr stansiyalarini ishga tushirgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻz elektr stansiyasini I-REC tizimida roʻyxatdan o‘tkazish orqali qoʻshimcha daromad olishi mumkin. Bundan tashqari “yashil energiya” sertifikatlari savdosi ushbu subyektlarga qo‘shimcha “yashil” moliyaviy resurslarini jalb qilish imkoniyatini oshirib, ekologik barqarorlik hamda yashil iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlarini ham mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, I-REC(E) sertifikatlarini xarid qilgan (foydalangan) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro bozorlarga chiqishda yordam beradi, eksport yoʻnalishida raqobatbardoshlikni oshiradi, Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga mos keluvchi biznes muhitini yaxshilaydi, xorijiy investorlarni jalb qilish va banklar uchun ochiqlik va ishonchlilikni oshiradi. Sertifikatlarning yana bir foydasi shundaki, ular orqali kompaniya va tashkilotlar oʻzining toza energiyadan foydalanishini ochiq-oydin koʻrsata oladi.
Uchinchidan, sertifikatlarni xorijiy korxonalarga eksport qilish imkoniyati ham mavjud. Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda chiqarilgan “yashil energiya” sertifikatlari ilk bor eksport qilindi. Mazkur tizim dunyo bo‘ylab 60 ga yaqin davlatlarda ishga tushirilgan bo‘lib, 200 milliondan ortiq sertifikatlar muomalaga chiqarilgan. Bugungi kunda mamalakatimizda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining umumiy quvvati 962,4 MVt bo‘lgan 4 ta gidroelektr stansiyasi xalqaro I-REC tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
So‘nggi bir yarim yil davomida O‘zbekistonda 344 835 ta “yashil energiya” sertifikatlari muomalaga chiqarildi. “Texnopark” MChJning quyosh elektr stansiyasi O‘zbekistonda I-REC tizimida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi quyosh energiya manbai hisoblanadi.
Sertifikatlarni xarid qilish va foydalanish borasida esa, birinchilardan bo‘lib, O‘zsanoatqurilishbanki, British-American Tobacco Uzbekistan, WorleyParsons, Energoqurilishindustriya, Click, Knauf, UzAuto Motors va Navoiyuran kabi kompaniyalar I-REC(E) sertifikatlaridan foydalanib kelmoqda.