O‘zbekistonda IHTT Global forumining soliq shaffofligi va axborot almashinuvi bo‘yicha baholash missiyasi o‘tkazilmoqda
O‘zbekistonda IHTT Global forumining soliq shaffofligi va axborot almashinuvi bo‘yicha baholash missiyasi o‘tkazilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yilning 27–30 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Global forumining soliq masalalarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha kompleks baholash (Peer Review) missiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur missiya O‘zbekiston Respublikasining soliq shaffofligi va xalqaro axborot almashinuvi sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash doirasida o‘tkazilmoqda.
Global forum delegatsiyasiga missiya rahbari — Amrita Singx Axudja boshchilik qilmoqda.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi maydonida qo‘mita tarkibiy tuzilmalari, shuningdek manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar davomida ma’lumotlarning mavjudligi va ularga kirish imkoniyati, xalqaro soliq axboroti almashinuvi mexanizmlari, huquqiy tartibga solish hamda tegishli jarayonlarning amaliy qo‘llanilishi masalalari muhokama qilinmoqda.
Global forum baholash missiyasining o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasining soliq sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, mamlakatning shaffoflik, halollik va xalqaro standartlarga rioya etish prinsiplariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.