O‘zbekistonda HKC ishtirokida displey va televizorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning yirik displey texnologiyalari ishlab chiqaruvchisi — HKC kompaniyasi prezidenti yordamchisi Frenk Bai hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi M. Yunusov va Artel kompaniyasi rahbariyati ishtirokida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
HKC kompaniyasi – 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yarimo‘tkazgich displey texnologiyalariga ixtisoslashgan global ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Kompaniya displey ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinni egallaydi va 45 dan ziyod global ofislarga ega.
Shu bilan birga, HKC energiya ishlab chiqarish, nodir metallarni qayta ishlash va yuqori texnologik sanoatlarda yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniyaning 100 ming tonnadan ortiq o‘ta yupqa mis folgasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.
Uchrashuvda HKC bilan hamkorlikda O‘zbekistonda televizor va displey ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va shu orqali Yevropa hamda rivojlangan boshqa mamlakatlarga eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.