O'zbekistonda faktoring xizmatlari 9,5 trillion so'mga yetdi
O'zbekistonda faktoring xizmatlari 9,5 trillion so'mga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Markaziy banki ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yilda O'zbekistondagi kredit muassasalari jami 9,5 trillion so'mlik faktoring xizmatlarini ko'rsatgan.
Ushbu xizmatlarning 8,8 trln soʻmi yoki 93 foizi tijorat banklari va 699 mlrd soʻmi yoki 7 foizi mikromoliya tashkilotlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Bunda, koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining 4,4 trln soʻmi yoki 46 foizi raqamli faktoring xizmatlari hissasiga toʻgʻri kelib, ushbu faktoring xizmatlarining 2,5 trln soʻmi (58 foiz) “Ozplanet” elektron faktoring platformasi, 1,8 trln soʻmi (42 foiz) “Finmakon” elektron faktoring platformasi orqali amalga oshirilgan.
Biznes vakillarining aylanma mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojlarini faktoring xizmati orqali moliyaviy ta’minlashning ortishi natijasida 2024-yilda faktoring xizmatlari boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich dekabr oyida 630 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, mazkur ko‘rsatkich 2025-yil dekabr oyida ikki barobar o‘sib, 1,2 trln soʻmga yetdi.
2025-yil davomida tadbirkorlik subyektlariga davlat ulushi mavjud tijorat banklari tomonidan jami 5 trln soʻm (56 foiz), xususiy banklar tomonidan jami 3,8 trln soʻm (44 foiz) miqdoridagi faktoring xizmatlari taqdim qilingan.
Xususan, davlat ulushi mavjud tijorat banklarida eng koʻp faktoring operatsiyalari Asaka bank (1,5 trln soʻm shundan, elektron platforma orqali 508 mlrd soʻm), Oʻzmilliybank (921 mlrd soʻm, 801 mlrd soʻm) va Oʻzsanoatqurilishbank (761 mlrd soʻm, 720 mlrd soʻm) tomonidan koʻrsatilgan.
Shuningdek, xususiy banklar orasida Kapitalbank – 1,3 trln soʻm (31 mlrd soʻm), Hamkorbank – 909 mlrd soʻm (246 mlrd soʻm) va Asia Alliance bank – 354 mlrd soʻm (194 mlrd soʻm) bilan faktoring xizmatlarini koʻrsatishda yetakchilik qilgan.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ushbu davrda jami 699 mlrd soʻmlik debitorlik qarzdorliklar moliyalashtirilgan.
Bugungi kunda, tijorat banklarining qisqa muddatli moliyalashtirish xizmatlarida faktoring xizmatlarini alternativ yechim sifatida keng koʻlamda ommalashtirish choralari koʻrilmoqda.
Natijada, 2024-yilning II yarim yilligida koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining qisqa muddatli moliyalashtirishga nisbati 1 foizdan (iyul) 6,1 foizga (dekabr) oshgan boʻlsa, 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida ushbu koʻrsatkich 4,5 foizdan 11,1 foizga yetdi.
Hududlar kesimida 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining asosiy qismi Toshkent shahri (4,1 trln soʻm yoki 43,3 foiz), Andijon viloyati (1,9 trln soʻm yoki 20,4 foiz), Toshkent viloyati (859 mlrd soʻm yoki 9,1 foiz) va Fargʻona viloyatiga (543 mlrd soʻm yoki 5,7 foiz) toʻgʻri kelgan boʻlsa, Surxondaryo viloyati (67 mlrd soʻm yoki 0,7 foiz), Sirdaryo viloyati (47 mlrd soʻm yoki 0,5 foiz) va Jizzax viloyatida (45 mlrd soʻm yoki 0,5 foiz) eng past koʻrsatkich qayd etilgan.
Mijozlarning tashkiliy shakli boʻyicha koʻrsatilgan faktoring xizmatlari taqsimotida eng yuqori ulush masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga toʻgʻri kelib, ularga 6,2 trln soʻm yoki jami xizmatlarning 65,4 foiz miqdorida faktoring xizmatlari koʻrsatilgan boʻlib, aksiyadorlik jamiyatlariga 1,8 trln soʻm yoki 19 foiz miqdorida faktoring xizmatlari koʻrsatilgan.
Shuningdek, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning 1,3 trln soʻmlik (13,3 foiz) hamda xususiy, oilaviy korxonalar va fermer xoʻjaliklarining 218 mlrd soʻmlik (2,3 foiz) debitorlik qarzlari faktoring xizmatlari orqali moliyalashtirilgan.
Jami faktoring xizmatlarining 246 mlrd soʻmi yoki 3 foizi yillik aylanma mablagʻlari 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga (mikromoliya tashkilotlari 218 mlrd soʻm, tijorat banklari 28 mlrd soʻm), 556 mlrd soʻmi yoki 6 foizi aylanmasi 1 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlarga, 1,7 trln soʻmi yoki 18 foizi aylanmasi 10 mlrd soʻmdan 100 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlarga va 7 trln soʻmi yoki 73 foizi aylanmasi 100 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan tadbirkorlarga koʻrsatilgan.
Muddatlar qirqimida 30 kungacha faktoring xizmatlari jami faktoring xizmatlarining 23 foizini (2,2 trln soʻm), 31 kundan 60 kungacha – 21 foizini (1,9 trln soʻm), 61 kundan 90 kungacha – 38 foizini (3,6 trln soʻm), 91 kundan 120 kungacha – 8 foizini (0,7 trln soʻm) hamda 121 kundan 180 kungacha - 10 foizini (1 trln soʻm) tashkil qilgan.
Miqdorlar boʻyicha 100 mln soʻmgacha faktoring xizmatlari jami faktoring xizmatlarining 1 foizini (0,08 trln soʻm), 100 mln soʻmdan 500 mln soʻmgacha 8 foizini (0,7 trln soʻm), 500 mln soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha 6 foizini (0,5 trln soʻm), 1 mlrd soʻmdan 5 mlrd soʻmgacha 35 foizini (3,3 trln soʻm) hamda 5 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan faktoring xizmatlari 50 foizini (4,8 trln soʻm) tashkil qilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida faktoring xizmatlarining asosiy qismi sanoat sohasiga yo‘naltirilib, 4,5 trln soʻm yoki jami hajmning 48 foizini tashkil etgan. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasiga 4,1 trln soʻm yoki 44 foiz yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, qurilish va qishloq xoʻjaligi sektorlarida mos ravishda 391 mlrd soʻmlik (4 foiz) va 409 mlrd soʻmlik (4 foiz) debitorlik qarzdorliklar moliyalashtirilgan.
2025-yilda tijorat banklari tomonidan 642 mlrd soʻm ekvivalentidagi (jamiga nisbatan 7%) regress huquqi bilan xalqaro faktoring xizmati koʻrsatildi.
Xalqaro faktoring operatsiyalarida banklar boʻyicha eng yuqori hajm Asakabank (29,9 mln dollar yoki 56 foiz), Mikrokreditbank (7,2 mln dollar yoki 14 foiz), Biznesni rivojlantirish banki (7,4 mln dollar yoki 14 foiz) tomonidan koʻrsatilgan. Shuningdek, Oʻzmilliybank 4,4 mln dollar (9 foiz), Turon bank 2,4 mln dollar (5 foiz), Ipak yoʻli banki 1,2 mln dollar, 122 ming evro va 9,9 mln rubl (3 foiz) miqdoridagi xalqaro faktoring operatsiyalarini amalga oshirgan.
Mijozlarning tashkiliy shakli boʻyicha koʻrsatilgan xalqaro faktoring xizmatlarining taqsimotida eng yuqori ulush masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga (600 mlrd soʻm yoki 93,5 foiz) toʻgʻri kelgan boʻlsa, keyingi oʻrinlarda xususiy, oilaviy korxona va fermer xoʻjaliklarining 37 mlrd soʻmlik (5,8 foiz) va chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning 4 mlrd soʻmlik (0,6 foiz) debitorlik qarzlari faktoring xizmatlari orqali moliyalashtirilgan.
Muddatlar qirqimida 30 kungacha xalqaro faktoring xizmatlari jami xalqaro faktoring xizmatlarining 40 foizini (258 mlrd soʻm) 31 kundan 60 kungacha – 9 foizini (55 mlrd soʻm), 61 kundan 90 kungacha – 26 foizini (166 mlrd soʻm), 91 kundan 120 kungacha – 9 foizini (58 mlrd soʻm) hamda 121 kundan 180 kungacha - 16 foizini (105 mlrd soʻm) tashkil qilgan.
Miqdorlar boʻyicha 500 mln soʻmgacha xalqaro faktoring xizmatlari jami xalqaro faktoring xizmatlarining 2 foizini (11 mlrd soʻm), 500 mln soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha 3 foizini (17 mlrd soʻm), 1 mlrd soʻmdan 5 mlrd soʻmgacha 20 foizini (126 mlrd soʻm), 5 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan faktoring xizmatlari 76 foizini (488 mlrd soʻm) tashkil qilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha xalqaro faktoring xizmatlarining asosiy qismi savdo va xizmat koʻrsatish sohasiga yoʻnaltirilib, 418 mlrd soʻm yoki jami hajmning 65 foizini tashkil etgan. Sanoat tarmogʻiga 206 mlrd soʻm yoki 32 foiz mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi sektorlarida 18 mlrd soʻmlik (3 foiz) debitorlik qarzdorliklari moliyalashtirildi.
Xalqaro faktoring xizmatlarining asosiy qismi Tojikiston (251,4 mlrd soʻm yoki 39 foiz) va Rossiya (216,3 mlrd soʻm yoki 33,7 foiz) davlatlariga amalga oshirilgan eksport operatsiyalari bo'yicha yuzaga kelgan debitorlik qarzdorliklarini moliyalashtirish uchun yo'naltirilgan.
Shuningdek, xalqaro faktoring xizmatlarining qolgan qismi Qozogʻiston (66 mlrd soʻmlik yoki 10,3 foizi), Qirgʻiziston (63,5 mlrd soʻm yoki 9,9 foizi), Belarus (12,4 mlrd soʻm yoki 1,9 foizi), Polsha (11,5 mlrd soʻm yoki 1,8 foizi), BAA (10,9 mlrd soʻm yoki 1,7 foizi), Buyuk Britaniya (6,6 mlrd soʻm yoki 1 foizi) , AQSh (1,3 mlrd soʻm yoki 0,2 foizi), Italiya (1,2 mlrd soʻm yoki 0,2 foizi) va Shveysariya (0,5 mlrd soʻm yoki 0,1 foizi) davlatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Tijorat banklari tomonidan mahalliy va xalqaro faktoring xizmati boʻyicha bank mahsulotlari ishlab chiqilgan boʻlib, faktoring xizmat turlarining muddatlaridan (180 kungacha) kelib chiqqan holda diskont stavkalari belgilangan.