O‘zbekistonda elektromobil quvvatlagich qurilmalari uchun 10 mingdan ortiq alohida hisoblagich o‘rnatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalariga alohida hisoblagich o‘rnatish tizimi joriy etildi — bugungi kunda ularning soni 10,5 mingtaga yetdi, deb xabar berdi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ (HET).
Vazirlar Mahkamasining 319-son qaroriga muvofiq, shaxsiy elektromobil uchun quvvatlash qurilmasi o‘rnatilganda, har bir egasi uchun alohida hisoblagich va shaxsiy hisob ochiladi.
“HET” vakili Diyorbek Nishonovning taʼkidlashicha, sarflangan elektr energiyasi uchun to‘lov II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarif bo‘yicha hisoblanadi — hozirda u 1 kilovatt uchun 1 000 so‘mni tashkil etmoqda.
“HET” boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Alvar Gaybullayevning so‘zlariga ko‘ra, quvvatlash qurilmalarining asosiy qismi xususiy uylar hovlislariga hamda ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, eng ko‘p miqdor Toshkent shahri va Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
— «Agar elektromobil egalari ko‘p qavatli uylar podyezdlari yonida quvvatlash qurilmalari o‘rnata boshlasalar, bu elektr taʼminoti barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Ko‘p hollarda uskunalar texnik xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan holda, bolalar oson yeta oladigan balandlikda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilayotgani kuzatilmoqda. Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi tartib ishlab chiqilmoqda», — dedi Alvar Gaybullayev.
Yangi tartibga ko‘ra, quvvatlash qurilmalari ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududlardan chiqariladi va elektromobillar uchun maxsus quvvatlash joylari soni ko‘paytiriladi, bu esa ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchilar uchun noqulayliklarni oldini olishga xizmat qiladi.