O‘zbekistonda dori narxi oshirilishi bo‘yicha 414 ming holat aniqlandi
O‘zbekistonda dori narxi oshirilishi bo‘yicha 414 ming holat aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda o‘tgan yil va joriy yil boshidan buyon 991 ta dorixonada dori vositalari narxini asossiz oshirish bilan bog‘liq 414,3 ming holat aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilgan qoidabuzarliklarning 152 tasi ulgurji dorixonalarda, 839 tasi esa chakana dorixonalarda sodir bo‘lgan. Tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob amalga oshirildi, shuningdek ularning huquqlarini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Narxlarni asossiz oshirish natijasida olingan umumiy noqonuniy daromad miqdori 8,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Idorada taʼkidlanishicha, qonunbuzarliklar soliq organlari tizimi orqali aniqlanib, keyinchalik maʼlumotlar yagona Fair Tech axborot tizimiga uzatilgan.
Aniqlangan qonunbuzarliklar natijasida olti kompaniyaning litsenziyasi bekor qilindi. Ular qatorida Farm Effekt, Pharma Brend, Gipofiz Farm, Maxsudbek Biznes, The Great Farm va Medex Group Pharm bor.
Qo‘mitada taʼkidlanishicha, farmatsevtika bozorida narx shakllanishini nazorat qilish isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va sohada shaffoflikni taʼminlash maqsadida davom ettiriladi.