O‘zbekistonda davlat xizmatlarida sun’iy intellekt va katta ma’lumotlarni qo‘llash bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yirik ma’lumotlar (Big Data), ma’lumotlar ilmi (Data Science) va sun’iy intellekt bo‘yicha AKT mutaxassislarining ko‘nikmalarini oshirish” mavzusida besh kunlik o‘quv seminar-trening Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Adliya vazirligi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va raqamlashtirish jarayonlariga jalb etilgan boshqa vazirlik va idoralar (bek-ofis), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) mutaxassislari, shuningdek, IT-Park rezidentlari va startaplardagi data/sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlaridan iborat 30 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Trening maqsadi ishtirokchilarning zamonaviy raqamli va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt asoslari, uning rivojlanish bosqichlari va davlat boshqaruvidagi qo‘llanilish sohalari bilan tanishdilar. Jumladan, xizmatlarni avtomatlashtirish, navbatlarni boshqarish hamda ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanilishi muhokama etildi. Interfaol ma’ruzalar, guruhlarda ishlash va amaliy mashqlar orqali ishtirokchilar sun’iy intellekt loyihalarining to‘liq hayotiy davri — ma’lumotlarni tayyorlash, model yaratish, uni xizmatga joriy etish va samaradorligini baholash jarayonlarini o‘rgandilar.
Shu bilan birga, sessiyalarda mas’uliyat va odob-ahloq qoidalari asosida sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlarni boshqarish, axborot xavfsizligi va risk menejment masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdilar, sun’iy intellekt vositasida “case-canvas”lar yaratdilar va “ma’lumotdan qarorgacha” bo‘lgan jarayonlarni modellashtirdilar. Trening yakunida ular o‘z guruh loyihalarini taqdimotlarini o‘tkazib, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ochiqlik, samaradorlik va fuqarolar ko‘nikmalarini yanada yaxshilash bo‘yicha innovatsion g‘oyalarini namoyish etdilar.
“Yevropa Ittifoqi zamonaviy, ochiq va fuqarolar manfaatiga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvini shakllantirish yo‘lida O‘zbekiston bilan birgadir. Ma’lumotlar va sun’iy intellektni mas’uliyatli qo‘llash orqali biz davlat xizmatlarini barcha fuqarolar uchun yanada osonroq, tezkor va adolatli qilishimiz mumkin”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi ikkinchi kotibi, hamkorlik bo‘limi rahbari Xristos Marazopulos.
“Sun’iy intellekt va ma’lumotlar ilmi davlat institutlari faoliyatini va xizmat ko‘rsatish uslublarini tubdan o‘zgartirmoqda. AKT va PR mutaxassislarini zarur bilim va vositalar bilan ta’minlash orqali biz yanada javobgar, shaffof va fuqarolar manfaatiga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimiga asos yaratmoqdamiz,” – dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman.