O‘zbekistonda davlat organlarining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha yagona qonun ishlab chiqilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda davlat organi yoki uning mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarori yoki harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar va ma’naviy ziyonlarni qoplashni tartibga solish yagona qonun hujjati bilan tartibga solinmasdan kelinayotgan edi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov o‘z ma’ruzasida qayd etganidek, mazkur qonun loyihasi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor, deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasi fuqarolarning davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Yoqubov qonun loyihasi xalq manfaatlariga, fuqarolar huquqlari himoyasiga qaratilganini qo‘llab-quvvatlagan holda, loyihaning konsepsiyasi dolzarb ekanini va u partiya saylovoldi dasturida aks etganligini ta’kidlab, ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar berdi.
Deputat asosiy kompensatsiya to‘lovlari hududiy kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan to‘lanishi, zaxira jamg‘armalari esa hududlarda shakllantirilishi rejalashtirilayotganini qayd etib, lekin markaziy davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlar oqibatida yetkazilgan zararlar qaysi manba hisobidan qoplanishi kerakligiga oydinlik kiritish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, qonun loyihasida davlat organlari, mansabdor shaxslari, ularning noqonuniy, qonunga xilof qarorlari va xatti-harakati, harakatsizligi natijasida yetkazilgan zarar ko‘rsatilayotgani, ya’ni subyekt sifatida davlat organlari va mansabdor shaxslar bo‘layotgani, agarda davlat xizmatchilari tomonidan zarar yetkazilsa, bu holatda yechim qanday bo‘ladi? degan savolni o‘rtaga tashladi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Saydullo Azimov fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasi qonunlarda mustahkamlanishi ularning to‘liq amalga oshishiga xizmat qilishini ta’kidlar ekan, qonun loyihasida yechimini topishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar borligini bildirdi.
Deputatning qayd etishicha, qonun loyihasiga ko‘ra, agar sud davlat organi yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan qonunbuzarlik orqali fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash haqidagi talabni qanoatlantirsa, u holda sud o‘z qarorining o‘zida ushbu zarar hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan undirilishini ko‘rsatadi. Shuningdek, sud hukmi ijro qilinishi uchun hududiy komissiya — ya’ni hududiy kuzatuv kengashiga yuboriladi.
Birinchi muammo shundaki, sud qanday masalalarni o‘z qarorlarida bayon etishi kerakligi protsessual qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan. Biroq mazkur loyiha bilan Jinoyat protsessual kodeksi kabi tegishli qonunlarga hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan. Masalan, Jinoyat protsessual kodeksining 1-moddasida jinoyat ishlarini yuritish faqat ushbu kodeks asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bu esa yangi qonun bilan amaldagi qonunlar o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lishiga olib keladi.
Ikkinchi muammo esa shundaki, “hududiy kuzatuv kengashi” qanday organ ekani aniq emas. Hozirgi amaliyotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartib asosida sud qarorlari ijro organiga yuboriladi va ijro organi mansabdor shaxsdan zararni undirish masalasini ko‘rib chiqadi. Yangi loyihaga ko‘ra esa bu vazifa hududiy kengashga o‘tadi. Bu esa ushbu kengash ijro organi vazifasini bajarayotganini anglatadi. Agar shunday bo‘lsa, u holda uning huquqiy maqomi aniq belgilab qo‘yilishi shart.
Qolaversa, qonun loyihasida qanday turdagi noqonuniy qarorlar, harakatlar yoki harakatsizliklar natijasida yetkazilgan zarar to‘lanishi aniq va tushunarli ifoda etilmagan. Bu esa amaliyotda turli anglashilmovchiliklarga olib kelishi mumkin.
Deputatlar tomonidan ko‘tarilgan ushbu savollarga qonun tashabbuskorlari batafsil tushuntirish berib o‘tishdi.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.