O‘zbekistonda daromad xatosi tufayli QQSni bekor qilish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekistonda daromad xatosi tufayli QQSni bekor qilish tartibi tasdiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi guvohnomasining amal qilishini to‘xtatish tartibi belgilandi. Ushbu tartib guvohnoma belgilangan daromad chegarasidan oshib ketish bilan bog‘liq texnik yoki boshqa xatolik tufayli avtomatik ravishda berilgan holatlarga taalluqli.
Avvalroq, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi 595-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga tegishli o‘zgartishlar kiritilgan edi.
Yangilangan meʼyorlar soliq to‘lovchining soliq davri uchun jami daromadi texnik yoki boshqa xatolik sabab 1 mlrd so‘mdan oshib ketgan va bu holat uning QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatdan o‘tishiga olib kelgan vaziyatlarni tartibga soladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday holatlarda soliq organi soliq to‘lovchining elektron arizasiga asosan guvohnoma amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu belgilangan shaklda rasmiylashtiriladigan maxsus ro‘yxatdan ixtiyoriy chiqish jarayoni hisoblanadi.
Guvohnomani bekor qilish to‘g‘risidagi qaror soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan qabul qilinadi. Bunda hujjat ilk berilgan sanasidan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.
Misol sifatida aylanmadan soliq to‘lovchi xato tufayli 1 mlrd so‘mdan ortiq summaga chek yoki elektron hisob-faktura rasmiylashtirgan holat keltirilgan. Bu esa tegishli ariza taqdim etilmasdan turib, uning QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatdan o‘tishiga sabab bo‘lgan.
Xatolik aniqlangach, soliq to‘lovchi rasmiylashtirilgan hujjatlarga tegishli tuzatishlar kiritadi va natijada tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan haqiqiy daromadi belgilangan chegaradan past bo‘lib chiqadi.
Bunday holda, taqdim etilgan arizaga asosan soliq organi QQS to‘lovchisi guvohnomasini uning berilgan sanasidan boshlab bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Shundan so‘ng soliq to‘lovchi yana aylanmadan olinadigan soliq rejimiga qaytadi.