O'zbekistonda CIMMYT xalqaro markazi ofisi ochiladi
O'zbekistonda CIMMYT xalqaro markazi ofisi ochiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Xalqaro makkajo‘xori va bug‘doy markazi (CIMMYT) o‘rtasida muhim kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, yaqin istiqbolda mamlakatimizda ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning rasmiy ofisini ochish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlarni kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalqaro makkajo‘xori va bug‘doy markazi (CIMMYT) dunyodagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri bo‘lib, bug‘doy va makkajo‘xori ekinlari bo‘yicha yuqori hosildor, kasalliklarga hamda iqlim o‘zgarishlariga chidamli navlarni yaratish bilan shug‘ullanadi.
Markaz global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida barqarorlikni oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Mazkur kelishuvga ayni kunlarda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Meksikaga amalga oshirgan xizmat safari doirasida erishildi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy izlanishlarni kengaytirish hamda ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari yuzasidan muhim muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif doirasida CIMMYT bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar, texnologiyalar transferi hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Umuman olganda, ushbu tashabbus va erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonda bug‘doy seleksiyasi va urug‘chilik tizimini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.