Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Iqtisod 12/06/2025 O‘zbekistonda bug‘doy narxini barqarorlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda bug‘doy narxini barqarorlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bug‘doy O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini, qishloq aholisining daromad manbalarini va umumiy iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim rol o‘ynaydi. Biroq mamlakat tashqi omillar, geosiyosiy xavflar va ichki bozorni tartibga solishning cheklangan imkoniyatlari tufayli narx tebranishlariga duch kelmoqda. Ushbu muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekistonda Hukumati bir qator tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur muammolarni hal qilish va milliy oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida "O‘zbekistonda bug‘doy narxini barqarorlashtirish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi salohiyatini oshirish" nomli yangi xalqaro texnik hamkorlik loyihasi rasman ishga tushirildi. Loyiha BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi asosiy hamkorlar sifatida ishtirok etadi.

FAO va ITFC bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu yangi loyiha mazkur jamg‘armaning salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelgusi 24 oy davomida loyiha doirasida jamg‘arma faoliyati modernizatsiya qilinadi, zamonaviy raqamli yechimlar joriy qilinadi va siyosat hamda tahlil salohiyati oshiriladi.

Loyiha davomida bug‘doy narxlarini barqarorlashtirish va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash borasida ilg‘or tizimlar joriy qilingan Turkiya, Kanada va AQSH kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganiladi.

Loyiha doirasida 150 nafar jamg‘arma xodimi, yuqori malakali mutaxassislar va texnik ekspertlarning bilim va malakalari oshiriladi. Buning natijasida bilvosita ravishda  bug‘doy ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar va uning savdosi bilan shug‘ullanuvchilar va butun isteʼmolchilarga taʼsir ko‘rsatadi.

“Bugun biz nafaqat texnik yordam loyihasini, balki umumiy maqsad – fermerlarimiz, bozorlarimiz va butun xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan innovatsion yechimlarni yaratish yo‘lida birgalikda harakat boshlamoqdamiz”, - dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. “Narxlar o‘zgaruvchanligini kamaytirish, fermerlar daromadini himoya qilish va aholiga barqaror va arzon bug‘doy mahsulotlarini yetkazib berish milliy darajadagi dolzarb vazifalardir”.

Loyihaning asosiy maqsadi jamg‘armaning bug‘doy narxini barqarorlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi institutsional salohiyatini raqamli yechimlarni joriy qilish va xalqaro bilimlar almashinuvi orqali rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat.  

Kutilayotgan natijalar orasida jamg‘arma va u bilan o‘zaro hamkorlik qiluvchi tashkilotlar xodimlarini bozorni barqarorlashtirish va raqamli vositalar masalalari bo‘yicha o‘qitishdan tashqari, bug‘doy narxlaridagi tebranuvchanlikni 20-25% ga kamaytirish, raqamli platformani ishga tushirish va to‘liq faoliyat yuritishiga erishish hamda savdo integratsiyasini mustahkamlash va ichki bozor barqarorligini taʼminlash kabi muhim vazifalar bor.

Mazkur loyiha mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiyalash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim qadam bo‘lib, xalqaro hamkorlik orqali innovatsion yechimlarni joriy qilish bo‘yicha namuna hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling