O‘zbekistonda bog‘chalardagi ommaviy zaharlanishdan keyin 182 bola davolanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28 sentyabr, yakshanba kuni ertalab Toshkent viloyatida bir nechta davlat bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan ommaviy oziq-ovqat zaharlanishidan jabrlangan 182 bola shifoxonalarda davolanishni davom ettirmoqda.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov maʼlum qildi.
Zaharlanish 24 sentyabrda sodir bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruv natijasida barcha bemorlarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan. Jami 960 nafardan ortiq bola shifoxonalarga yotqizilgan.
Atabekov taʼkidlashicha, kasallik ko‘p hollarda ikki-uch kun davom etadi va to‘g‘ri davo muolajalari orqali tez tuzalib, bolalar bosqichma-bosqich sog‘ayib chiqarilmoqda. O‘rtacha og‘irlikdagi holatlarda ham yaxshilanish kuzatilmoqda. Juda og‘ir holatlar qayd etilmagan.
«Eng muhimi — barcha bolalarning davolanishi davlat nazorati ostida. Sog‘ayish dinamikasi ijobiyligicha qolmoqda», — dedi Sanepidqo‘mita vakili.
Sanitariya qonunchiligini buzish moddasi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida yetti kishi qo‘lga olingan.
Ular orasida Shark Milk Product kompaniyasining sut mahsulotlari ishlab chiqarishga masʼul uch nafar rahbari hamda bolalar bog‘chalariga oziq-ovqat yetkazib bergan uchta autsorsing kompaniyasi vakillari bor.