O‘zbekistonda ayollarning 93 foizidan ortig‘i internetdan foydalanmoqda — Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ayollarning 93,1 foizi internetdan foydalanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan 2025 yil yanvar–avgust oylarida o‘tkazilgan uy xo‘jaliklarini tanlanma o‘rganish natijasiga ko‘ra, internetdan foydalanuvchi ayollar ulushi 93,1 foizga yetgan bo‘lsa, erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 95,3 foizni tashkil etdi.
Mamlakatda ayollarning raqamli faollik darajasi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Agar 2021 yilda ayollar orasida internetdan foydalanuvchilar 72,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 81 foizga, 2023 yilda 87,3 foizga, 2024 yilda esa 92,4 foizga yetgan.
Shu kabi tendensiya erkaklar orasida ham kuzatilmoqda: ularning ulushi 2021 yildagi 80,6 foizdan joriy yilda 95,3 foizgacha o‘sdi.
Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda aholi raqamli savodxonligini oshirish va internetga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan qishloq va chekka hududlarda ham imkoniyatlar yaratish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samarasini aks ettiradi.