O'zbekistonda aliment to'lash bo'yicha qarzdorlarning kreditlar va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanadi
O'zbekistonda aliment to'lash bo'yicha qarzdorlarning kreditlar va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni PF–50-son qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan: sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va axborot tizimlarini takomillashtirish orqali davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatlashtiriladiб sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini taʼminlashdagi ish yurituv jarayonlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida elektron shaklda yuritiladi va ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘larini taqsimlash jarayonlari raqamlashtiriladi.
2026 yil 1 iyuldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan avtomototransportlar va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha yondashuv joriy etiladi:
ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkonini yaratish;
yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash, ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini:
soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha – soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan;
garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisining topshirig‘iga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirish;
ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlarni (garov hujjatlari, xatlov, ko‘zdan kechirish dalolatnomalari va boshqalar) elektron platformalar orqali yuborish;
soliq organining mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilgan xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalariga asosan realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlarni rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldirish.
Ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etilguniga qadar tegishli davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxsiga topshirishni undiruvchining huquqi sifatida belgilash va ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi.
2026 yil 1 maydan aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.