O‘zbekistonda «AAA» reytingiga ega tadbirkorlar soni 45 barobarga oshdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini baholash tizimida eng yuqori «AAA» reytingiga ega tadbirkorlar soni 45 barobarga oshgan.
Ragbatlantiruvchi chora-tadbirlar doirasida «AAA» reytingiga ega tadbirkorlarga 1,8 trln so‘m miqdoridagi qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) bir kun ichida tekshiruvlarsiz qaytarilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan o‘tkaziladigan tekshiruvlar soni ikki barobarga qisqargan.
Shu bilan birga, korxonalarda ish o‘rinlari soni 2,7 barobarga oshgan, o‘z vaqtida soliq hisobotini topshiruvchi tadbirkorlar soni esa 53,5 mingga ko‘paygan. Shuningdek, eng past «D» reytingiga ega tadbirkorlar soni ikki barobarga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-fevraldan O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etilgan bo‘lib, uning maqsadi qonunchilik talablariga rioya qiluvchi, halol soliq to‘lovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni rag‘batlantirishdan iborat.