O‘zbekistonda 44 tonnadan ortiq yuk mashinalari va samosvallari uchun alohida raqamlar joriy etish taklif qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda og‘ir yuk avtomobillari va samosvallari uchun alohida davlat raqamlarini joriy etish, shuningdek ularning tungi vaqtda yo‘l chetida to‘xtab turishi uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida aytib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, “YUK” belgisiga ega bo‘lgan I3 turdagi raqamlar 44 tonnadan ortiq massaga ega bo‘lgan N3 toifali yuk va maxsus avtomobillar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Ular qizil fonga ega bo‘lib, harf va raqamlar oq rangda yoziladi. Raqamning chap tomonida hudud kodi, o‘ng tomonida esa O‘zbekiston bayrog‘i va “UZ” belgisi joylashtiriladi.
“KON” belgisiga ega bo‘lgan I5 turdagi raqamlar esa samosvallari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘xshash uslubda tayyorlanadi. “L”, “M”, “O” kabi harfli kodlar transport vositalari soniga qarab belgilanadi.
Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida mamlakatda yuk avtomobillari soni 146 mingtadan 391 mingtagacha oshgan. Bu holat yo‘llarga tushayotgan yuklamani keskin ko‘paytirib, yo‘l infratuzilmasining barqarorligi uchun jiddiy muammoga aylangan. Vazirlik taʼkidlaganidek, yangi davlat raqamlari og‘ir transport vositalarini umumiy harakat oqimidan ajratib ko‘rsatish va yo‘llarning tez yeskirishini kamaytirishga yordam beradi.
Shuningdek, qaror loyihasida yuk mashinalarining tungi vaqtda yo‘l chetida to‘xtab turishi uchun javobgarlik belgilash ham nazarda tutilgan. Faqat 2024 yilning o‘zida bunday holatlar natijasida 113 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lib, ularda 47 kishi halok bo‘lgan.