O‘zbekistonda 2026 yildan kichik hajmli yengil avtomobillar importi uchun imtiyozlar bekor qilindi
O‘zbekistonda 2026 yildan kichik hajmli yengil avtomobillar importi uchun imtiyozlar bekor qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda kichik hajmli yengil avtomobillarni import qilishda bojxona bojlarini vaqtincha kamaytirish bo‘yicha joriy etilgan imtiyozlar o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ikki yarim yil avval joriy etilgan ushbu imtiyozlar uzaytirilmadi va yil boshidan eʼtiboran bunday avtomobillarni olib kirishda yana standart bojxona stavkalari qo‘llanila boshlandi.
2023 yil iyul oyida Prezident qarori bilan iqtisodiy toifadagi yengil avtomobillar importi uchun bojxona bojlari sezilarli darajada kamaytirilgan edi.
Xususan, dvigateli hajmi 1000 kub santimetrgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona boji nolga tushirilgan, 1200 kub santimetrgacha bo‘lgan dvigatelli avtomobillar uchun esa 5 foiz miqdorida belgilangan edi.
Hujjatda mazkur chora ichki avtomobil bozorida raqobat muhitini rivojlantirish va aholini nisbatan arzon yengil avtomobillar bilan taʼminlashga qaratilgani taʼkidlangan. O‘sha paytda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi UzA bu qarorni «ko‘pdan kutilgan» deb baholagan edi.
Maʼlum qilinishicha, imtiyozlar natijasida dvigateli 1000 kub santimetrgacha bo‘lgan avtomobillar uchun umumiy bojxona yuki 39–43 foizdan 19–23 foizgacha, dvigateli 1000–1200 kub santimetr bo‘lgan avtomobillar uchun esa 44–52 foizdan 30–36 foizgacha pasaygan.
“Gazeta” nashri o‘sha davrda qiymati 10 ming va 20 ming AQSH dollari bo‘lgan avtomobillar misolida hisob-kitoblarni eʼlon qilgan edi.
Imtiyozlar amal qilish muddati yakunlanganidan so‘ng, 2026 yil boshidan standart tariflar qo‘llanila boshladi.
Hozirgi kunda yoshi bir yilgacha bo‘lgan, dvigateli hajmi 1000 kub santimetrgacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillarni import qilishda bojxona boji bojxona qiymatining 15 foizini hamda har bir kub santimetr uchun 0,4 AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Dvigateli hajmi 1200 kub santimetrgacha bo‘lgan yangi avtomobillar uchun esa bojxona boji qiymatning 15 foizi va har bir kub santimetr uchun 0,6 AQSH dollari miqdorida belgilangan.