Valyuta kurslari 26/01/2026
$1 – 12084.95
UZS – -0,43%
€1 – 14182.90
UZS – -0,06%
₽1 – 159.31
UZS – -0,43%
Qidirish
O‘zbekistonda 2026 yil mart oyidan elektromobil xaridi uchun imtiyozli kreditlar joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda 2026 yil mart oyidan elektromobil xaridi uchun imtiyozli kreditlar joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda 2026 yil mart oyidan elektromobil xaridi uchun imtiyozli kreditlar joriy etilishi mumkin

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil 1 martdan elektromobillarni sotib olish uchun imtiyozli kreditlash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risidagi farmon loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, mamlakat hududida ishlab chiqarilgan elektromobillarni xarid qilish uchun bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi yillik 12 foiz etib belgilanishi taklif etilmoqda.

Xorijdan import qilinadigan elektromobillar uchun esa foiz stavkasi 16 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, ushbu kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish rejalashtirilmoqda.

Mexanizmga ko‘ra, aholiga elektromobil xaridi uchun kreditlar ajratayotgan tijorat banklariga foiz stavkasining oshirilgan qismi kompensatsiya qilib beriladi. Bu esa qarz oluvchilarning moliyaviy yukini kamaytirish va ekologik toza transportga bo‘lgan talabni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Loyihada, shuningdek, elektromobillar uchun infratuzilmani rivojlantirish choralari ham ko‘zda tutilgan. Xususan, elektromobillarni quvvatlash vaqtida elektr energiyasi narxining bir kilovatt-soat uchun 300 so‘mdan oshgan qismini byudjet hisobidan qoplab berish taklif etilmoqda.

Quvvatlash stansiyalari barpo etayotgan tadbirkorlarga «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ orqali yillik 10 foiz stavkada maqsadli kreditlar ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, quvvatlash stansiyalari joylashtirish uchun yer uchastkalarini bozor narxidan ikki baravar arzon narxda auksionlar orqali sotish taklif etilmoqda.

Alohida choralar bloki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va taksi xizmatlari ko‘rsatayotgan fuqarolarga taalluqli. Ular uchun ijtimoiy soliq to‘lashda 30 foizgacha chegirma berish, davlat tashkilotlariga qarashli pulli avtoturargohlardan, jumladan aeroport va vokzal avtoturargohlaridan 30 daqiqagacha bepul foydalanishga ruxsat etish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarliklar va yo‘l-transport hodisalarisiz jami 1 million kilometr masofada taksi xizmati ko‘rsatgan haydovchilarni «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Kutilishicha, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish elektromobillar bozorining jadal rivojlanishiga, chiqindilarning kamayishiga va mamlakatda barqaror transport infratuzilmasining shakllanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston hukumati 2030 yilga qadar mamlakatdagi yengil avtomobillar umumiy parkda elektromobillar ulushini 10 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling