O‘zbekistonda 2025 yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlandi
O‘zbekistonda 2025 yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilda O‘zbekistonda 153 tonna sifatli qon zaxira qilindi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 5 tonnaga, 2023 yilga nisbatan esa 22,4 tonnaga ko‘pdir.
Ixtiyoriy donorlikni rivojlantirish og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarni — onkologik, gematologik kasalliklar bilan og‘riganlarni, shuningdek, og‘ir jarohat olganlarni qon komponentlari bilan taʼminlashda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Mamlakatda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo‘limi samarali faoliyat yuritmoqda.
«JSST tavsiyalariga ko‘ra, har bir davlatda 1000 aholiga kamida 30 nafar donor to‘g‘ri kelishi lozim. Bizda bu ko‘rsatkich 10 nafarni tashkil etmoqda. Belgilangan meʼyorga erishilsa, davolash muassasalarining ehtiyojini to‘liq qondirish mumkin bo‘ladi», — dedi Respublika qon quyish markazi direktori Aʼlonur Saidov.
Donorlikning ommabopligini oshirish maqsadida sayyor xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan: hududlarga Isuzu avtobuslari bazasidagi 13 ta ko‘chma donorlik kompleks yetkazib berildi. Ular karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo‘ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o‘zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 bo‘lgan har bir shaxs donor bo‘lishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4 marta qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrdan iborat bo‘lishi kerak.
2025 yil 28 fevralda qabul qilingan ZRU-1041-sonli qonunga binoan «O‘zbekiston Respublikasining Faxriy donori» ko‘krak nishoni egalari uchun bir martalik pul mukofoti 15 BHMgacha oshirildi hamda qo‘shimcha imtiyozlar berildi. Ularga qulay vaqtda yillik haq to‘lanadigan taʼtil olish, shahar jamoat transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish va sanatoriy-kurort davolanishda ustuvorlik huquqi taqdim etildi.
Ixtiyoriy donorlikni rivojlantirish va qon quyish muassasalarining moddiy-texnika bazasini kengaytirish mamlakatda tibbiy yordam sifatini bosqichma-bosqich oshirishga hamda davolash muassasalarini hayotiy muhim qon komponentlari bilan barqaror taʼminlashga xizmat qilmoqda.