O‘zbekistonda 2024-yil oxiriga kelib mikromoliyaviy xizmatlar hajmi 83 trillion so‘mga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mikromoliya xizmatlari bozori sharhi Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliya xizmatlarining joriy holati, rivojlanish tendensiyasi, mikromoliya bozori xizmatlarining ijtimoiy taʼsirini tahlil etadi. Mikromoliya xizmatlari bozorining joriy holati Kredit tashkilotlari tomonidan
2024-yilning yanvar-dekabr oylarida jami 83 trln soʻm miqdorida mikromoliya xizmatlari koʻrsatilgan boʻlib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 38 trln soʻmga yoki 86 foizga oshgan. Bunda, koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 80 foizi (66 trln soʻm) tijorat banklari, 18 foizi (14 trln soʻm) mikromoliya tashkilotlari va 2 foizi (2 trln soʻm) lombardlar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Mikromoliya xizmatlarining 86 foizga oshishi, ushbu xizmatlarning tijorat banklarida 85 foizga, mikromoliya tashkilotlarida 2 barobarga va lombardlarda 10 foizga oshishi hisobiga yuzaga kelgan.
2024-yilda koʻrsatilgan jami mikromoliya xizmatlarining 75 trln soʻmi (90%) 100 mln soʻmgacha, 8 trln soʻmi (10%) 100 mln soʻmdan 300 mln soʻmgacha boʻlgan mikromoliyaviy xizmatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Natijada, koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlarning jami kredit tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlardagi ulushi 2024-yil yakunida 2023-yildagi 19 foizdan 27 foizgacha oshdi.
Mikromoliya bozori ishtirokchilari kesimida banklar tomonidan 2024-yilda koʻrsatilgan jami mikromoliya xizmatlarining 43 trln soʻmi (64 foizi) xususiy banklar va 23 trln soʻmi (36 foizi) davlat ulushi mavjud banklar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bunda, mikromoliya xizmatlarining oʻsishi davlat banklarida 93 foiz, xususiy banklarida 82 foizni tashkil etgan.
Eng yuqori oʻsish surʼati davlat ulushi mavjud banklarda Biznesni rivojlantirish bankida 4 barobar (shundan, mikrokreditlar 15 barobar), Xalq bankida 3 barobar (shundan mikroqarzlar 4 barobar), Mikrokreditbankda 2 barobar (shundan, mikrokreditlar 3,9 barobar) boʻlsa, xususiy banklardan TBC bankda 3 barobar (shundan, mikroqarzlar 3 barobar), Invest finans bankda 3 barobar (shundan, mikroqarzlar 7 barobar) va Anorbankda 3 barobar (shundan, mikroqarzlar 2,6 barobar) oʻsish kuzatilgan.
Mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlarning 60 foizi yoki 9 trln soʻmi uchta mikromoliya tashkilotlari, jumladan, “Shaffof moliya” (5 trln soʻm yoki 35 foizi), “TezCoin” (2 trln soʻm yoki 14 foizi) va “Fortuna Biznes” (2 trln soʻm yoki 11 foizi) tomonidan koʻrsatilgan.
Lombardlar tomonidan ajratilgan mikroqarzlarning 19 foizi yoki 337 mlrd soʻmi uchta lombardlar, jumladan, “Oltin” (128 mlrd soʻm yoki 7 foiz), “Shokir invest” (106 mlrd soʻm yoki 6 foiz) hamda “Maksimum” lombard (103 mlrd soʻm yoki 6 foizi) hissasiga toʻgʻri keladi.
Mahsulotlar kesimida jami mikromoliya xizmatlarining 59 trln soʻmi yoki 71 foizi mikroqarzlar, 14 trln soʻmi yoki 17 foizi mikrokreditlar, 10 trln soʻmi yoki 12 foizi boshqa mikromoliyaviy xizmatlar (isteʼmol kreditlari, jismoniy shaxslarning biznes maqsadlari uchun ajratilgan mikrokreditlar, overdraft va kredit karta) hissasiga toʻgʻri kelib, 2023-yilning mos davriga nisbatan mos ravishda 1,7 barobarga (24 trln soʻm), 2,5 barobarga (8 trln soʻm) va 2,6 barobarga (6 trln soʻm) oshgan.
Bunda, mikroqarzlar tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 69 foizini (46 trln soʻm), mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 78 foizini (11 trln soʻm) va lombardlar tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 100 foizini (2 trln soʻm) tashkil etadi. Mikroqarzlar oʻsishi davlat ulushi mavjud banklardan Xalq bankida 4 barobar (3 trln soʻm), Oʻzmilliybankida 2 barobar (2 trln soʻm), Oʻzsanoatqurilishbankda 2 barobarga (3 trln soʻm) oshgan boʻlsa, xususiy banklardan TBC bankda 3 barobar (12 trln soʻm), Anorbankda 3 barobarga (3 trln soʻm) oʻsgan.
Mikrokreditlar tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 16 foizini (10 trln soʻm), mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 22 foizini (3 trln soʻm) tashkil etgan. Bunda, eng yuqori oʻsish davlat ulushi mavjud banklar orasida Biznesni rivojlantirish bankida 15 barobar (2 trln soʻm), Agrobankda 6 barobar (1 trln soʻm), Aloqa bankda 4 barobarni (184 mlrd soʻm) tashkil etsa, xususiy banklar orasida Kapitalbankda 2,5 barobar (796 mlrd soʻm), Orient finans bankda 2 barobar (11 mlrd soʻm) va Anorbankda 2 barobarga (31 mlrd soʻm) oʻsgan. Mikromoliya tashkilotlarida mikrokreditlar 3 trln soʻm yoki 6 barobarga oʻsgan.
Boshqa mikromoliyaviy xizmatlar tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 15 foizini (10 trln soʻm) tashkil etadi. Bunda, kredit kartalar 7 foizni (5 trln soʻm), jismoniy shaxslarning biznes maqsadlari uchun ajratilgan mikrokreditlar 6 foizni (4 trln soʻm) overdraft 2 foizni (1 trln soʻm) va isteʼmol kreditlari 0,2 foizni (158 mlrd soʻm) tashkil etadi.
Boshqa mikromoliyaviy mahsulotlar hajmi davlat ulushi mavjud banklar orasida Turon bankda 13 barobar (88 mlrd soʻm), Mikrokreditbankda 4 barobar (389 mlrd soʻm) va Asakabankda 4 barobarga (295 mlrd soʻm) oʻsgan boʻlsa, xususiy banklar orasida Invest finans bankda 4 barobar (912 mlrd soʻm), Anorbankda 2,3 barobar (418 mlrd soʻm) oʻsish kuzatilgan.
Mijozlar kesimida 2024-yilda koʻrsatilgan jami mikromoliya xizmatlarining 72 trln soʻmi yoki 87 foizi jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri kelib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 32 trln soʻmga yoki 82 foizga oshgan. Shundan, oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslarga jami 16 trln soʻmlik yoki jami mikromoliya xizmatlarining 20 foizi koʻrsatilgan boʻlib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 12 trln soʻm yoki 4 barobarga oshgan.
Oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslarga 2024-yilda tijorat banklari tomonidan 12 trln soʻmlik va mikromoliya tashklotlari tomonidan 4 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga jami 6 trln soʻmlik yoki jami koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 7 foizi toʻgʻri kelib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 3 trln soʻmga yoki 3 barobarga oshgan.
Yuridik shaxslarga koʻrsatilgan jami mikromoliya xizmatlar 5 trln soʻmni (jamida 6 foiz) tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 2 trln soʻmga yoki 88 foizga oshgan.
2023-2024-yillarda koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlarning tarkibida jismoniy shaxslar (oʻzini oʻzi band qilganlar chegirilgan holda) va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar oʻrtasida migratsiya yuzaga kelgan boʻlib, jismoniy shaxslar ulushi 78 foizdan 67 foizga pasaygan holda oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar ulushi 10 foizdan 20 foizga yetgan.
Sohalar kesimida sanoatning ulushi 64 foizni yoki 7 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 3,6 trln soʻmga yoki 2 barobarga oshgan. Sanoat tarkibida aylanma mablagʻni toʻldirish ulushi 45 foiz, asbob uskuna sotib olish ulushi 36 foizni, ishlab chiqarish ulushi 15 foizni va tikuvchilik ulushi 4 foizni tashkil etadi. Savdo va umumiy xizmatlar ulushi 14 foizni yoki 1,5 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 792 mlrd soʻm yoki 2 barobarga oshgan.
Qishloq xoʻjaligi ulushi 10 foiz yoki 1 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 788 mlrd soʻm yoki 5 barobarga oshgan. Qurilish ulushi 5 foiz yoki 575 mlrd soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 396 mlrd soʻm yoki 3 barobarga oshgan. Boshqa sohalar ulushi 7 foiz yoki 810 mlrd soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 232 mlrd soʻm yoki 40 foizga oshgan.
Muddatlar kesimida qisqa muddatlari kreditlarning ulushi 2023-2024-yillarda tijorat banklarida 13 foizdan 9 foizga kamaygan boʻlsa, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarda 51 foizdan 68 foizga yetdi.
Qisqa muddatli mikromoliyaviy xizmatlar ulushi 21 foiz yoki 17 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 8 trln soʻm yoki 86 foizga oshgan. Bunda, qisqa muddatli kreditlar tarkibida tijorat banklari ulushi 36 foizni (2023-yilga nisbatan 16 foizga kamaygan) tashkil etsa, mikromoliya va lombardlar ulushi 64 foizni (2023-yilga nisbatan 16 foizga oshgan) tashkil etadi. Uzoq muddatli kreditlar ulushi 79 foizni yoki 66 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 30 trln soʻm yoki 86 foizga oshgan.
Uzoq muddatli kreditlarda tijorat banklarining ulushi 92 foiz yoki 60 trln soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 29 trln soʻm yoki 94 foizga oshgan.
Valyutalar kesimida 2024-yil davomida koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlarning 99 foizi (81 trln soʻm) milliy valyutada koʻrsatilgan boʻlib, 2023-yilga nisbatan 86 foizga (38 trln soʻm) oshgan. Bunda, banklar tomonidan koʻrsatilgan milliy valyutadagi mikromoliya xizmatlari hajmi 30 trln soʻm (86 foizga), mikromoliya va lombardlarda esa 8 trln soʻm (87 foizga) ortdi.
Xorijiy valyutadagi mikromoliyaviy xizmatlar 1,3 trln soʻm ekvivalentini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 478 mlrd soʻm ekvivalentiga yoki 60 foizga oshgan. Xorijiy valyutadagi mikromoliya xizmatlari 21 ta tijorat banklari, jumladan 7 ta davlat ulushi mavjud tijorat banki va 14 ta xususiy tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan.
Jumladan, Kapitalbank tomonidan 994 mlrd soʻm, Ipak yoʻli banki tomonidan 140 mlrd soʻm miqdorida xorijiy valyutada mikromoliya xizmatlari koʻrsatilib, ularning jami xorijiy valyutada koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlaridagi ulushi mos ravishda 78 va 11 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida mikromoliya xizmatlari hajmi barcha hududlarda oʻsish tendensiyasiga ega.
Jumladan, eng yuqori oʻsish jami ko‘rsatilgan mikromoliya xizmatlari bo‘yicha Toshkent shahri (2 barobar yoki 25 trln so‘m), Xorazm (2 barobar yoki 1,3 trln so‘m) va Surxondaryo viloyatlarida (2 barobar yoki 1,2 trln so‘m); mikroqarzlar boʻyicha Toshkent shahri (2 barobar yoki 19 trln soʻm), Xorazm viloyati (43 foiz yoki 302 mlrd soʻm) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (41 foiz yoki 396 mlrd soʻm); mikrokreditlar boʻyicha Sirdaryo viloyati (4 barobar yoki 221 mlrd soʻm), Surxondaryo viloyati (3 barobar yoki 547 mlrd soʻm) va Toshkent shahrida (3 barobar yoki 3 trln soʻm); boshqa mahsulotlar boʻyicha Andijon (5 barobar yoki 375 mlrd soʻm), Surxondaryo (4 barobar yoki 319 mlrd soʻm) va Namangan viloyatlarida (3 barobar yoki 233 mlrd soʻm) kuzatilgan.
Yuridik shaxslarga hududlar kesimida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining hajmi barcha hududlarda oshgan. Xususan, eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Sirdaryo 4 barobar (221 mlrd soʻm), Surxondaryo 3 barobar (545 mlrd soʻm) va Jizzax viloyatlarida 3 barobar (322 mlrd soʻm) qayd etilgan. Jismoniy shaxslarga hududlar kesimida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining hajmi barcha hududlarda oshgan. Xususan, eng yuqori oʻsish Toshkent shahrida 2 barobarga (24 trln soʻm), Xorazm viloyatida 81 foizga (800 mlrd soʻm) va Surxondaryo viloyatida 64 foizga (672 mlrd soʻm) ortgan. Hududlar kesimida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 43 trln soʻmi yoki 60 foizi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi.
Mikromoliya xizmatlarning ijtimoiy taʼsirini baholashda respublikadagi 208 ta tumanlar “ilgʻor”, “oʻrta” va “ogʻir” toifadagi tumanlarga ajratildi. Mikromoliya xizmatlarining tuman toifalarida taqsimotida 2024-yilda koʻrsatilgan jami 83 trln soʻm miqdoridagi mikromoliya xizmatlarining 71 trln soʻmi “ilgʻor” toifadagi, 8 trln soʻmi “oʻrta” toifadagi va 4 trln soʻmi “ogʻir” toifadagi tumanlar hissasiga toʻgʻri kelib, ularning jami mikromoliya xizmatlardagi ulushi mos ravishda 86 foiz, 9 foiz va 5 foizni tashkil etadi.
Bunda, koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlar hajmining oʻsishi 2023-yilning mos davriga nisbatan “ilgʻor” toifadagi tumanlarda 33 trln soʻm (85%), “oʻrta” toifadagi tumanlarda 3 trln soʻm (82%) va “ogʻir” toifadagi tumanlarda 2 trln soʻmga (98%) oʻsgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-sonli “Aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tumanlar ilgʻor (60 ta), oʻrta (77 ta) va ogʻir (71 ta) toifalarga ajratilgan.
Ilgʻor toifadagi tumanlarda koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 45 trln soʻmi yoki 64 foizi Toshkent shahri, 6 trln soʻmi yoki 9 foizi Fargʻona viloyati, 3 trln soʻmi yoki 4 foizi Toshkent viloyati hisobiga toʻgʻri keladi.
Tuman toifalari boʻyicha koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlari hajmining eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi ilgʻor toifadagi tumanlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) Xorazm viloyati (84 foiz yoki 634 mlrd soʻm), Surxondaryo viloyati (73 foiz yoki 641 mlrd soʻm) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (61 foiz yoki 510 mlrd soʻm); oʻrta toifadagi tumanlarda Surxondaryo (3 barobar yoki 180 mlrd soʻm), Namangan (2 barobar yoki 408 mlrd soʻm) va Jizzah (2 barobar yoki 133 mlrd soʻm) viloyatlarida; ogʻir toifadagi tumanlarda Namangan (3 barobar yoki 62 mlrd soʻm), Buxoro (2,5 barobar yoki 224 mlrd soʻm) va Sirdaryo (2 barobar yoki 147 mlrd soʻm) viloyatlarida kuzatilgan.
Ogʻir toifadagi tumanlar kesimida Namangan viloyatidagi Mingbuloq va Norin tumanida 3 barobar, Sirdaryo viloyatidagi Mirzaobod tumanida 2,8 barobar va Oqoltin tumanida 2 barobar, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Amudaryo 2,1 barobar va Taxtakoʻpir tumanida 1,8 barobar, Fargʻona viloyatidagi Furqat 3,4 barobar va Yozyovon tumanida 3,2 barobar oʻsgan.
Hududlarda koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlar hajmini tuman toifalari boʻyicha taqsimoti tahlil qilinganda, 2024-yil davomida hududlarda koʻrsatilgan jami mikromoliya xizmatlar tarkibida migratsiya holati kuzatilib, oʻrta va ogʻir toifadagi tumanlarda koʻrsatilayotgan xizmatlar respublikaning barcha hududlarida (Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Fargʻona viloyatlari bundan mustasno) ortib borishi, ilgʻor toifadagi tumanlarning jami mikromoliya xizmatlaridagi ulushining kamayishiga olib kelgan.
Xususan, 2024-yilda 2023-yilning mos davriga nisbatan ogʻir toifadagi tumanlarda koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining jami mikromoliya xizmatlardagi ulushi 13 ta hududda 0,3 – 7,5 foiz band intervalida oʻsgan boʻlsa, faqatgina Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2 foiz bandga kamayib, 15 foizga yetgan. Oʻrta toifadagi tumanlarda koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarning ulushi 13 ta hududda 0,2 – 10,0 foiz band intervalida oʻsish kuzatilgan boʻlsa, faqatgina Toshkent viloyatida 2 foiz bandga kamayib, 26 foizni tashkil etgan.
Ilgʻor toifadagi tumanlarda esa 13 ta hududda 1,4 – 12 foiz band oraligʻida kamayish kuzatilgan boʻlib, Namangan viloyatida 74 foizdan 62 foizga (-12 foiz band) pasaygan holda eng yuqori kamayish koʻrsatkichini qayd etgan. Bunda, faqatgina Toshkent viloyatida oʻsish kuzatilib, ushbu koʻrsatkich 68 foizdan 69 foizga (+1 foiz band) yetgan. Toshkent shahridagi barcha tumanlar ilgʻor tumanlar toifasiga mansub hisoblanadi