O‘zbekistonda 119 ming tibbiyot xodimini virusli gepatit B ga qarshi emlash yakunlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Virusli gepatit “V” infeksiyasi yuqish xavfi yuqori bo‘lgan jami 119 013 nafar tibbiyot xodimi ushbu infeksiyaga qarshi to‘liq emlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Gepatit dunyoda eng ko‘p odamlar vafot etadigan yuqumli kasalliklar orasida ikkinchi o‘rinda turadi: u yiliga 1,3 million insonning o‘limiga sabab bo‘ladi - yaʼni yuqumli kasalliklar orasida o‘limning asosiy sababi bo‘lgan sil kasalligi bilan bir xil hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2024 yilgi global gepatit hisobotiga ko‘ra ushbu kasallik qurbonlari soni doimiy o‘sib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 maydagi PQ-243-sonli "Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori asosida mamlakat miqyosida keng ko‘lamli skrining va profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 14 aprel holatiga respublikada aholining 1 446 497 nafari (75,1 foizi) virusli gepatit “V” turiga, 1 446 628 nafari (75,2 foizi) virusli gepatit S turiga skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. Skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan aholinining 40 889 nafarida (2,8 foizi) gepatit V turi, 49 886 nafarida (3,4 foizi) gepatit S turi aniqlangan. Qarorda belgilanganidek, virusli gepatit S turi bilan kasallangan bemorlarni virusga qarshi davolashni 10,5 ming nafargacha yetkazish reja qilingan. Virusli gepatit “V” infeksiyasi yuqish xavfi yuqori bo‘lgan jami 119 013 ming nafar tibbiyot xodimlarini ushbu infeksiyaga qarshi to‘liq emlash ishlari o‘tkazildi.
Maʼlumki, yuqumli kasalliklarni oldini olishda emlashning ahamiyati juda katta. 27- apreldan o‘z ishini boshlagan Yevropa emlash haftaligi 3-may kunigacha davom etadi. YEEH— bu har yili o‘tkaziladigan tashabbus bo‘lib, JSST Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi va unga aʼzo bo‘lgan bir qator davlatlarda immunizatsiya bo‘yicha xabardorlikni oshirish, kommunikatsiyani yaxshilash va emlashni targ‘ib qilishga qaratilgan. Tashabbusning maqsadi — har bir bolaning emlash bilan oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoyalanish huquqi va ehtiyoji borligini eslatish orqali emlash qamrovini oshirish va bu boradagi xabardorlikni kuchaytirishdir.
JSST Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko‘plab davlatlarda emlash qamrovi pasaya boshladi yoki barqarorlashib qoldi, bu esa ko‘pincha katta va tarqoq kasallik epidemiyalariga olib kelmoqda. O‘rtacha emlash qamrovi yuqori bo‘lsa-da, u mamlakatlar ichkarisida juda farqlanadi. Bundan tashqari, bir qator mamlakatlarda ommaviy axborot vositalaridagi vahima va emlashga qarshi bo‘lgan shaxslar yoki guruhlar faoliyati tufayli jamoatchilik ishonchi zaiflashmoqda.
Yevropa Immunizatsiya Haftaligi ota-onalar va vasiylar, tibbiyot xodimlari hamda siyosatchilarni nishonga oladi. Ayniqsa, zaif guruhlarga qaratilgan tadbirlarga alohida eʼtibor qaratiladi.