O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi

O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi

O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afg‘oniston tomonidan esa Savdo va investitsiya palatasi hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari kiritildi.

Unda qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olingan bo‘lib, bu ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qisqa muddatda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd AQSH dollariga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Shuningdek, ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov mazkur tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalib, u tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi sherikliklarni shakllantirish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Mazkur kelishuv va belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling