Valyuta kurslari 29/08/2025
$1 – 12482.38
UZS – 0,56%
€1 – 14540.72
UZS – 1,07%
₽1 – 155.23
UZS – 0,62%
Qidirish
O‘zbekiston 28/08/2025 O‘zbekiston yetakchisi AQSH bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi

O‘zbekiston yetakchisi AQSH bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollini qabul qildi.

AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili davlatimiz rahbariga Prezident Donald Trampning samimiy salomi va O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Turli darajalarda samarali aloqalar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Konstruktiv siyosiy muloqot rivojlanmoqda, faol parlamentlararo almashinuvlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan oyda Kongressda O‘zbekiston kuni doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi, bu yil kuzda Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

AQSH an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga ko‘paydi. Loyihalar portfeli 11 milliard dollardan oshgan.

Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan Toshkent investitsiya forumida AQSHning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi.

Mineral resurslar, aviatsiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

"S5+1" formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.

Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling