O‘zbekiston-Yaponiya: Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A. Shukurov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi M. Abduraxmonov boshchiligidagi Yaponiya qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda yirik kompaniya rahbarlari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
"Zoom" platformasi orqali tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida qishloq xo‘jaligi universitetlari talabalari uchun yapon tili kurslarini tashkil etish va ularni Yaponiyada amaliyot o‘tash imkoniyati bilan ta’minlash loyihasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida 2025-yil mart-aprel oylaridan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida yapon tili kurslari boshlanadi. Hozirda darslarni tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Dastlabki bosqichda, 2025–2026-yillarda 500 nafar talaba yapon tili kurslariga jalb etilishi rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus yosh mutaxassislarning malakasini oshirish, xalqaro tajriba orttirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldi.