O‘zbekiston yangi immunoterapiya usulini yo‘lga qo‘ygan dunyoning sanoqli davlatlari qatoriga qo‘shildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tadqiqotlarga ko‘ra, anafilaktik shok 20-30 foiz holatda hasharotlar chaqishi tufayli yuzaga keladi. Agar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bunday bemorlarning hayoti o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Markaziy Osiyo bo‘yicha ilk bor bunday holatlarga qarshi yangi va samarali immunoterapiya usuli joriy qilindi.
Insekt allergiya asosan pardaqanotli hasharotlar chaqishi oqibatida paydo bo‘ladi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Bu guruhga asalari, ari, qovoqari (qizilari), tukli ari (tuproq arisi) va chumolilar kiradi.
Hasharotlar chaqishi tufayli rivojlanadigan og‘ir allergik holat tanada kuchli holsizlik, teri oqarishi, qichishish, qavarchiqlar va angionevrotik shish, nafas qisishi, qon bosimining keskin tushishi, hushdan ketish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, bu turdagi allergiya bolalarga nisbatan kattalarda ko‘proq uchraydi.
Allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) — hayot uchun xavfli bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish imkonini beruvchi yagona samarali usul hisoblanadi.
Ushbu muolaja turida allergenlar(masalan, ari zahri, o‘simlik changi)ning tuzli-suvli eritmasi bemor organizmiga kichik dozalarda titrlab yuboriladi. Shundan so‘ng spetsifik antitana miqdori kamayishi, yaʼni allergenga nisbatan javob reaksiyasi pasayishi kuzatiladi.
Natijada qondagi umumiy IgE miqdori ozayib, bloklovchi antitana — IgG4 ko‘payadi. Shu tariqa kasallik simptomlari kamayadi va hatto xastalik bemorni umuman bezovta qilmaydi. Xuddi shu immunoterapiya yordamida hayot uchun xavfli bo‘lgan anafilaktik reaksiyalar rivojlanishining oldi olinadi.
Joriy yil markazimizda Markaziy Osiyoda ilk bor ari zahri asosida tayyorlangan maxsus immunoterapiya preparati yordamida bemorlarni davolashni yo‘lga qo‘ydik.
Eʼtiborli jihati, hozirgacha bu muolaja usuli dunyo bo‘yicha atigi ikki mamlakat — Gruziya va Turkiyada amalga oshirib kelinayotgan edi. Endilikda ular safiga O‘zbekiston ham qo‘shilib, mazkur ilg‘or texnologiyani joriy etgan uchinchi davlat sifatida jahon tibbiyot hamjamiyati eʼtiboriga tushdi.
Bu immunoterapiya usuli shunchaki simptomlarni yengillashtirib qolmay, allergiya sababini tubdan bartaraf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.