O‘zbekiston — Vengriya: o‘zaro do‘stlik va manfaatli hamkorlik aloqalari kengayadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 25-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojev Roja bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodalari, oliy darajadagi uchrashuvlari tufayli O‘zbekiston — Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib, barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida Vengriyaga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirib, ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Vengriya Elchisiga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
O‘z navbatida, Y.Rojani iliq va do‘stona munosabat uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan tarixiy islohotlar va uning natijalarini yuqori baholadi.
Uning ta’kidlashicha, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori darajada tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tadbir O‘zbekistonning xalqaro maydonda va parlament diplomatiyasini rivojlantirishdagi faol rolini tasdiqlagan.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlararo do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, parlament diplomatiyasi salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlanib, parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga oid istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Uchrashuv samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.