“O‘zbekiston-Vengriya” biznes tadbiri bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekiston-Vengriya” biznes tadbiri bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vengriyaga tashrifning ikkinchi kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriya tadbirkorlari va kompaniyalari vakillari bilan amaliy uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Vengriyaning 15 dan ortiq kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiya aʼzolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, sanoat modernizatsiyasi, xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, taʼlim va madaniy sohalardagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida taʼkidlandi.
Vengriya tadbirkorlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirdi.
4iG raqamli yechimlar va telekommunikatsiya, H2O Konzorcium suv taʼminoti hamda ekologik texnologiyalar, Metrimed tibbiyot jihozlari va sog‘liqni saqlash, FANTASTIGO isteʼmol tovarlari, Limelog va Woodstock logistika hamda eksport-import sohalarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Vengriyaning HEPA agentligining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha vakolatxonasi ochildi. Mazkur agentlik O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama asosda maʼlumotlar almashuvini yo‘lga qo‘yish, loyiha takliflari tayyorlash va doimiy muloqot o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.