Valyuta kurslari 08/10/2025
$1 – 12038.68
UZS – 0,13%
€1 – 14044.32
UZS – 0,13%
₽1 – 146.62
UZS – 1,29%
Qidirish
O‘zbekiston va YeTTB uran qazib olish obyektlarini rekultivatsiya qilishni yakunladi, bu eko-turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda

O‘zbekiston va YeTTB uran qazib olish obyektlarini rekultivatsiya qilishni yakunladi, bu eko-turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda

O‘zbekiston va YeTTB uran qazib olish obyektlarini rekultivatsiya qilishni yakunladi, bu eko-turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Yadro xavfsizligi departamenti direktori o‘rinbosari, Ekologik reabilitatsiya jamg‘armasi rahbari Ester Xarlander Toshkent viloyati Yangiobod shahriga tashrif buyurdi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamrohlik qildi.

Delegatsiya o’tgan yillar mobaynida YeTTB ko‘magida amalga oshirilgan sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishdi.

Yangiobod hududini rekultivatsiya qilish ishlari 2023-yilda boshlangan va joriy yilning avgust oyida yakunlangan. Ishlar boshlanishidan oldin mahalliy aholi va soha mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgan edi.

Rekultivatsiya loyihasini boshqarish guruhi rahbari Vadim Korolyovning ta’kidlashicha, loyiha doirasida geodezik o‘lchovlar o‘tkazilgan, kirish yo‘llari qurilgan, eski inshootlar demontaj qilingan, ifloslangan chiqindilarni zararsizlantirish uchun poligon yaratilgan, shaxta suvlarini drenaj va infiltratsiya tizimlari bilan ta’minlash ishlari bajarilgan, sohilbo‘yi chiziqlari mustahkamlangan va suvlarni chiqarish uchun quvurlar yotqizilgan. Shu bilan birga, mehnat muhofazasi, texnika va radiatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda yangiobodliklarning takliflarini inobatga olishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov rekultivatsiya ishlari yakunlangach, hududni obodonlashtirish, butalar ekish orqali ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, atrofdagi maydonlarni tozalash va obodonlashtirish, shuningdek, ekologik qoidabuzarliklarni aniqlash va jarayonlarning ochiqligini ta’minlash uchun onlayn videokameralar o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ushbu chora-tadbirlar rekultivatsiya natijalarini saqlab qolish bilan birga, Yangiobod hududini xavfsiz, obod qilish barobarida mahalliy aholi hamda sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirishga xizmat qiladi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov esa ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarning doimiy nazorati yoʻlga qoʻyilishi, radiatsiya darajasi kam boʻlgan hududlar tabiatga qaytarilishi hamda hozirda ushbu hududlarda jamoatchilik va yoshlar ishtirokida tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilayotganligini aytib o‘tdi.

Ekologik reabilitatsiya loyihasi YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi 9 million yevro miqdoridagi grant kelishuvi asosida amalga oshirilgan. Mablag‘lar Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar-2 (Namangan viloyati)dagi obyektlarni rekultivatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Avvalroq, 2024-yil avgust oyida Chorkesar-2 hududidagi ishlar to‘liq yakunlangan bo‘lib, u yerda uran rudasi qazib olish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha to‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Qayd etish lozimki, sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari nurlanishni bartaraf etish, xavfsiz ekologik muhit yaratish va aholining sog‘lig‘ini yaxshilashga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling