O‘zbekiston va Yaponiya raqamli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyada bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dastlab, Yaponiya Ichki ishlar va aloqa vaziri o‘rinbosari Imagawa Takuo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi taqdim etilib, ta’limda sun’iy intellekt strategiyasini birgalikda ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Yaponiya vakillari tajriba almashish, innovatsion g‘oyalarni sinovdan o‘tkazish va kelgusida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, delegatsiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI) Xalqaro aloqalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Matsua Takehiko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida Yaponiya bozori uchun raqobatbardosh AT-mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma o‘quv dasturlarini joriy etish va AT outsourcing loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. METI ushbu yo‘nalishlarda faol hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.
“Global South Future-Oriented Co-Creation Program” doirasida yangi raqamli va IT-ta’lim tashabbuslarini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaning FPT Consulting Japan, Daiwa House va Aioi Nissay Dowa Insurance kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida raqamli kadrlar tayyorlash, masofaviy xizmatlar (BPO) yo‘nalishidagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda raqamli xizmatlarni eksport qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Daiwa House kompaniyasi raqamli ishlab chiqarish jarayonlarini O‘zbekistonga ko‘chirish rejasini ko‘rib chiqdi.
Aioi Nissay Dowa Insurance tomonidan esa transport harakatini tahlil qilish tizimi asosidagi pilot loyiha natijalari taqdim etildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, IT xizmatlar eksporti va innovatsion loyihalar sohasida yangi tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.